10:15 / 10.07.2015
31998

Rossiya Mudofaa vazirligi Tu-160 bombardimonchi samolyotlarini qayta ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar boshlanganini ma'lum qildi

Rossiya Harbiy-havo kuchlarining Uzoq aviatsiyasi uchun Tu-160 “Oq oqqush” strategik bombardimonchi samolyotlarini qayta ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar boshlandi, deb xabar berdi 9 iyul kuni Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Yuriy Borisov.

“Tu-160 samolyotini yangi ko‘rinishda ishlab chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Biz tez sur'atlar bilan ishlamoqdamiz, ishchi guruh tashkil etdik, Savdo-sanoat vazirligi bilan bu ishlarning olib borilishi bo‘yicha oylik yig‘ilishlar o‘tkazishga kelishib oldik, bosh konstruktorlar tayinlandi – ish normal bosqichda ketmoqda”, deydi Borisov Mudofaa-sanoat majmuasi kasaba tashkilotlari rahbarlari bilan har yili o‘tkaziladigan uchrashuvda.

Joriy yilning aprelida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Tu-160 samolyotlarini qayta ishlab chiqarish zarurligini ma'lum qilgan edi.

Borisovning aytishicha, bu eski planer ko‘rinishidagi, biroq yangi qurilmalar bilan jihozlangan mutlaq yangi samolyot bo‘ladi. Yangi samolyotning samaradorligi o‘zining avvalgi nusxasinikidan 2,5 barobarga oshiriladi. Samolyot 2023 yilga qadar ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Top