20:24 / 10.07.2015
17619

Xayriya ishlariga 32 mlrd dollar ajratgan saudiyalik shahzodaning hayotiga oid ba'zi qiziq ma'lumotlar

Saudiyalik shahzoda al-Volid bin Talal Bill va Melinda Geytslardan o‘rnak olib 32 milliard AQSh dollari miqdoridagi boyligini hayriya qilishini ma'lum qilgan. Shahzoda vositalarning katta qismi ofatlar oqibatlari va ayollar huquqlari uchun kurashayotgan hayriya tashkilotlariga ajratilishini bildirgan. Farzandlari otasining qarorini qo‘llab-quvvatladilar. Shahzodaning aktivlari bir necha yil mobaynida hayriya tashkilotlariga tarqatiladi. Shahzodaning Alwaleed Foundation hayriya fondi tarqatishni bir necha yil davomida amalga oshiradi. Avvalroq al-Volid bin Talal jami 3,5 milliard AQSh dollarini hayriya sifatida o‘tkazib bergan (“Kingdom Holding Sompany”ning saytida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra).

Al-Volidning fahrlanishga sabab bo‘ladigan ushbu qarorini Bill Geyts Twitter da alohida ta'kidlab o‘tgan. Bu holat Yaqin Sharqda milliarderning ilk marotaba o‘z boyligidan ommaviy tarzda voz kechishi ekanligi Chatham House nomli Britaniya tahlil markazi xodimi Jyeyn Kinninmont tomonidan e'tirof etilgan. Biroq boylikning qaysi qismi shahzodaning mulki ekani aniq emas: al-Volid bin Talalning ko‘plab aktivlari ommaga ma'lum qilinmagan.

“Men xatolarga yo‘l qo‘ymayman, - deydi al-Volid bin Talal o‘zining 2013 yilda Vanity Fair” ga bergan intervyusida. – Xato qilsangiz, 10 million, 50 million va 100 million AQSh dollarini yo‘qotasiz, biroq 200 million, 500 million yoki 1 milliardni yo‘qotsangiz bu xato emas, hisob-kitob qilishga no‘noqlik deb ataladi. Ha, albatta men ham yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yganman, biroq xulosa chiqarib, ularni yana va yana takrorlamayman”.
“Time” jurnali Al-Volid bin Talalga arabistonlik Uorren Baffet nomini bergan. U Forbes milliarderlar ro‘yxatida 34-o‘rinni egallab turibdi, uning boyligi 2015 yilning iyun oyi boshida 27,5 millard AQSh dollari miqdorida baholangan.

OAVning ko‘pchiligi uni Yaqin Sharqdagi eng boy kishilardan biri deb hisoblaydi, chunki Yaqin Sharqda ma'lumotni tarqatish, uni ochiq manbalar orqali tasdiqlash yoki rad etish imkonsiz. BusinessWeek al-Volid bin Talal dunyoning eng mashhur biznesmeniga aylanishi mumkin deb yozadi.

Hashamat ishqibozi

60 yoshli al-Volid bin Talal boyligini doimo ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirar edi. 2009 yilda Ar-Riyoddagi 420 xonali saroyini namoyish qilish maqsadida Forbes muxbirini bir haftaga mehmonga taklif qilgan. U jurnal reytingni tuzishda boyligi hajmini hisobga olishi uchun yaxshi taassurot qoldirishni istagani aniq. Biroq uning so‘zlariga qaraganda jurnalistlar shahzodaning boyligi hajmini to‘g‘ri baholay olishmagan va 2013 yilda jurnal tomonidan ko‘rsatilgan 20 milliard AQSh dollarlik boylik haqiqatga muvofiq emasligini bildirib, u Forbesni sudga bergan. O‘shanda Forbes eng boy odamlar reytingida uni 26-o‘ringa qo‘ygan.

Al-Volid bin Talal o‘ziga-o‘zi zid keluvchi shaxs. Ba'zilar uning ovozini Saudiya Arabistoni qaror qabul qilish tizimida muhim deb hisoblashsa, boshqalar u oddiygina omma yoqimtoyi va kechalar ishqibozi degan fikrni ilgari suradilar. Boshqa fikr egalari esa uni iste'dodli va mashhur biznesmen, yaxshi do‘st va ishonchli hamkor sifatida e'tirof etishadi. Ular yagona fikrda to‘qnashadi – shahzoda juda g‘ayratli va sabrli inson bo‘lib, o‘zi istagan narsaga erisha oladi.

U o‘z maslahatchilari bilan ko‘p soatli majlislar o‘tkazib, unda yuzaga kelgan savollarga batafsil javobni talab qiladi. Ar-Riyoddagi ofisida mehnatkash va yaxshi bilimga ega bo‘lgan insonlardan jamoa tuzib olgan.

U fahrlanishi mumkin bo‘lgan predmetlar orasida – Jyeyms Bond haqidagi film epizodlari suratga olingan 280 futli yaxta, shuningdek yer maydonlari va samoletlar mavjud. Uning buyurtmasiga ko‘ra, 2012 yilda qiymati 485 million AQSh dollarini tashkil qiluvchi Airbus 380 samoletining eksklyuziv shakli tayyorlangan va u “uchuvchi saroy” nomiga sazovor bo‘lgan. Uch qavatli laynerda konferensiya va banket zallari, besh xonali qirol xonalari, avtomatik tarzda Makka yo‘nalishini topadigan virtual joynamoz bilan jihozlangan duo qilish xonasi, shuningdek Rolls-Royce avtomobili joylashgan pastki qavatdagi garajga olib boradigan maxsus lift mavjud, deb yozadi Arabian Business.

Noodatiy shaxs

Ko‘pchilik al-Volid bin Talalni yangi Saudiya Arabistonining yuzi deb hisoblaydi. Tashqi jihatdan u boshqa shahzodalarga qaraganda anchagina farq qiladi. U omma orasida milliy kiyimda emas, ishbilarmon kishilar kostyumi va qora ko‘z oynakda paydo bo‘ladi. Kundalik iste'mol etiladigan kaloriyani kuzatish ham juda qiziq, u 1100 dan ortiqni tashkil qilmaydi. Va ayollar emansipatsiyasi (erkinligi)ning faol tarafdori. Saudiya Arabistonida ayollarga avtomobilni boshqarish man etiladi. U barcha an'analarga zid ravishda Saudiya Arabistoni tarixida ilk marotaba samolet shturvaliga ayol kishini o‘tkazdi – shaxsiy jyetini boshqarish uchun ayol uchuvchini ishga oldi.

Uning media kompaniyalaridan biri rejisseri ayol kishi bo‘lgan Wadjda – birinchi to‘liq metrajli filmni moliyalashtirgan. Bu film Kannda namoyish etilgan. Biroq ba'zilar ayollar huquqlari uchun kurashish G‘arb ko‘zi oldida yuqori bahoga ega bo‘lish uchun amalga oshirilishini aytishgan.

Shahzodaning ijtimoiy va siyosiy mavqei baland, deya ta'kidlaydi Chatham Housedan Kinninmont. Uning yozuv daftarida ko‘plab davlatlarning birinchi shaxslari, kompaniya va pop-yulduzlarining telefon raqamlari mavjud. Ma'lumki, 2012 yilda Nikolya Sarkozi prezident saylovida mag‘lub bo‘lganida u birinchi bo‘lib Karla Bruniga sms yuborgan.

U baland siyosiy va iqtisodiy bayonnomalari bilan ham mashhur. Saudiya monarxiyasi isloh etilishi kerakligi va slants inqilobi neft qazib olish mavqeini tubdan o‘zgartirib yuborishga qodirligi haqida gapirgan. Neft hech qachon barreli uchun 100 AQSh dollari bo‘lgan qiymatga qaytmaydi: u bu narh sun'iy va noto‘g‘ri bo‘lganiligini ta'kidlaydi. Saudiya Arabistonining o‘tgan yili neft qazib olishni kamaytirmaslik to‘g‘risidagi qarorini u aql bilan o‘ylangan va ayyor deb atagan: agar Ar-Riyod shunday yo‘l tutsa, o‘zga mamlakatlar hisobiga o‘z ulushidan mahrum bo‘lar edi.

Uning ba'zi fikrlari insonni lol qoldiradi. Ular orasida Yamanda shiya xusitlariga qarshi kurash olib borishda ishtirok etgan har bir uchuvchiga Bentley olib berish to‘g‘risidagi va'da ham bor. “Yuzlab saudiyalik uchuvchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildirish uchun men ularga 100 ta Bentley avtomobilini hadya etishdan behad xursand bo‘lar edim”, - deb yozadi u Twitterda. Keyinroq ushbu post o‘chirib tashlangan, biroq International Business Times nashriyoti skrinshot qilishga ulgurib, uni nashr etgan. Nashriyot bergan ma'lumotlarga qaraganda, shahzodaning va'dasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi, birinchi navbatda deyarli bir oy davom etgan bombardimonlarda uylari vayrona ostida qolgan, yaqinlaridan judo bo‘lgan yamanliklarning jahlini chiqargan. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Yamanda 1080 kishi o‘lgan, 4000 dan ortig‘i aziyat chekkan. Bir necha blogerlar milliarderning harbiylarni moddiy mukofotlar evaziga harbiy harakatlarga rag‘batlantirish maqsadidan jumbushga kelganlar.

Ba'zida u siyosiy meynstrim (asosiy oqim)ga ham qarshi bo‘lgan. Misol uchun, News Corpning asosiy aksiyadoriga yordam bergan. Aniqrog‘i Rupert Merdokka og‘ir damlarda ko‘mak ko‘rsatgan. Al-Valid 2011-2012 yillardagi Buyuk Britaniyada noqonuniy tarzda telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitish bilan bog‘liq janjallarda Merdokni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zining News Corp dagi ulushidan foydalangan. Kingdom Holding Company (KHC) bergan ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya 2014 yil mobaynida paketni rejali asosda sotib yuborgan. AQSh Adliya vazirligi natijada News Corp va 21st Century Foxga qarshi noqonuniy korporativ amaliyotga qarshi ayblovni bildirishdan voz kechdi. Biroq shu yilning fevralida News Corp dagi 188 million AQSh dollari miqdoridagi 6,6 foiz ulushini sotib, shahzoda katta siyosiy aktividan qutildi.

Biznesda arab shahzodasi uchun chegara yo‘q. Four Seasons Hotels da hamkorlari orasida Bill Geyts va Four Seasons Hotels asoschisi Aysedor Sharp ham bor. O‘zining “Hayot qoidalari” kitobida Sharp yorqin epizodni yodga oladi: al-Volidning yoniga muzokaralar uchun qanday qilib uchib kelgani va uning ulkan yaxtasi oldida o‘ylanib qolganini mana shunday eslaydi: men - kambag‘al yahudiy immigrantning o‘g‘li, u – qirol avlodidan, asrlar davomida ajdodlarimiz o‘zaro urush olib borishgan, u mendan ancha yosh, biroq endilikda biz hamkorga aylanishimiz mumkin.

Sharpga Four Seasons Hotels dagi 5 foiz tegishli bo‘lib, qolganini boshqa ikki hamkor – Geyts va al-Volid o‘zaro taqsimlashgan.

Bechora shahzodaning boyligi tilsimi

Al-Volid bin Talal – Saudiya Arabistoni asoschisi Abdul-Aziz bin Saudning nabirasi va hozirgi qirol Salmonning jiyani. Al-Saudlar avlodi 1000 dan ortiq shahzoda va malikalarni tashkil etadi. 1932 yildan beri sulola taxtda, al-Volid bin Talal suloladagi eng mashhur shaxs hisoblanadi.

U 1955 yilda Ar-Riyodda tug‘ilgan, otasi Saudiya Arabistoni shahzodalaridan biri va mamlakat moliya vaziri bo‘lgan, onasi – Livan bosh vazirining qizi. Ota-ona farzandi uch yoshga to‘lganida ajrashib ketishgan. 11 yoshiga qadar u Beyrutda yashagan, AQShda ta'lim olgan. 1979 yilda u Menlo biznes maktabining ish yurituvchi yo‘nalishini bakalavrlik darajasi bilan (Kaliforniya) tamomlagan. 1985 yilda Nyu-Yorkdagi Sirakuz universiteti sotsiologiya yo‘nalishida magistrlik darajasini qo‘lga kiritgan.

Farzandlari va sobiq rafiqalari

Al-Volid bin Talal ikki marotaba uylangan (KNS saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra). Biroq al-Volid bin Talal o‘z intervyusida 4 ta rafiqaga ega bo‘lganini aytib o‘tgan: dastlabki uch nikoh muvaffaqiyatsiz bo‘lgan, biroq sobiq rafiqalari hamda farzandlari bilan munosabatlarini davom ettirib kelmoqda. To‘rtinchi rafiqasi malika Amira bilan maktab gazetasiga intervyu olayotgan paytida tanishgan. U o‘sha vaqtda u 18 yoshda edi. Ularning yoshi orasidagi farq 30 yosh. U bilan ham 2013 yilda ajrashgan. O‘sha vaqtdan beri uylanishni to‘xtatgan.

Al-Volid bin Talal o‘zi shu natijaga erishganligini ta'kidlaydi: otasi unga faqat uy va o‘qishiga 30 ming AQSh dollari ajratgan va yana kredit ko‘rinishida 300 ming AQSh dollari bergan. Shahzoda hech qachon qanday qilib boyib ketishga muvaffaq bo‘lganini aytmaydi. U iste'dodli fond investori bo‘lmagan, Business Insider uning ko‘plab muvaffaqiyatli sarmoyalari ko‘chmas mulk va siyosatdagi bitimlari bilan bog‘liq deya yozadi.

Uning kompaniyasi saytida yozilishicha, shahzoda 31 yoshida mashhur mehmonxona binolari va aksiyalarini sotib olib milliarderga aylangan, hozirda KNS Apple, Twitter, Citigroup, Canary Wharf, Time Warner kompaniyalarining aksiyalari paketi, George V, Savoy, Four Seasons va Movenpick mehmonxonalarida ulushga ega. Uning kompaniyasi kapitalizatsiyasi 19,8 milliard AQSh dollarni tashkil qiladi.

O‘z aktivlarining bir qismini shahzoda aynan KNS orqali nazorat qiladi. Aktivlarining bir qismi bevosita unga tegishli. Shahzoda ularni “shaxsiy investitsiya” deb ataydi.

Biznes-manfaatlar

Ilk komapaniyasiga shahzoda 1980 yilda 25 yoshida asos solgan. Dastlab u Kingdom Establishment for Commerce & Trade deb atalgan, keyinchalik 1996 yilda Kingdom Holding Sompany deya qayta nomlangan. Tashkil etilgan vaqtidan boshlab, shahzoda asosiy investitsiyalarini KNS orqali amalga oshiradi. Kompaniya doimiy ravishda o‘z faoliyatini kengaytirib borgan va asta-sekin sanoat sohasini tanlay boshlagan. U 2006 yilda ommaga ma'lum qilingan, aksiyalarining bir qismini sotish evaziga shahzoda 400 million AQSh dollariga ega bo‘lgan.

KNSdagi ilk investitsiyalar ko‘chmas mulk va bank sohasidagi aktivlarga kiritilgan. Ularning barchasi daromad olib keldi deyiladi kompaniya saytida. Shahzodaning ilk ommaviy investitsiyasi Citigroup 4,7 foiz aksiyalarining 1991 yilda sotib olinishi bo‘lgan, o‘sha vaqtda bank inqirozni boshdan kechirayotgan edi. Sitigroup inqirozdan chiqib, yana daromadga ega bo‘lgach, bank boshqaruvi shahzodaga 590 million AQSh dollari sarf etib, Sitigroupdagi ulushini oshirishni taklif qildi.

1987 yilda shahzoda media bozorga qiziqish bildirib, ko‘p tarmoqli Rotana Entertainment kompaniyasiga asos soldi, uning tarkibi esa kinokompaniya, tele va radio kanallar, bosma nashriyotlar va ovoz yozish studiyalaridan tashkil topdi.

1988 yilda u United Saudi Commercial Bank nazorat ulushini sotib olish hisobiga aktivlarning bank portfelini kengaytirdi.

1994 yilda mehmonxona biznesiga qiziqish bildirdi: KNS Fairmont Hotels ning 50 foizi va Four Seasons Hotels ning 22 foizini sotib oldi. O‘sha yilning o‘zidayoq shahzoda 345 million dollar evaziga Parij Disneylendining 24 foizini xarid qilgan.

Kingdom Holding Company

Investitsion kompaniya

Aktsionerlar (Bloomberg 5.07.2015 dagi ma'lumotlari): shahzoda Al-Volid bin Talal bin Abdulaziz al-Saud (95%), 5% erkin aylanmada. Kapitalizatsiya – $19,8 mlrd (8.07.2015 dagi ma'lumotlar). Moliyaviy ko‘rsatkichlar (2014 y.): foyda – 2,1 milliard riyal (567,5 AQSh dollari), sof foyda – 869,1 million rial (231,7 million AQSh dollari). Kompaniya Fairmont Hotels & Resorts (50%), Four Seasons Hotels & Resorts (22%), Disneyland Paris (24%), shuningdek Parijdagi George V Londondagi Savoy mehmonxonalarida o‘z ulushiga ega. Ar-Riyod va Jiddadagi loyihalarga sarmoya kiritadi (elita uchun turar-joy binolari, savdo markazi va kasalxona), moliyaviy korporatsiyalar (Citigroup), aviatsiya (NAS Saudi Arabia), neft kimyo ishlab chiqarish (TASNEE), media (Time Warner, Saudi Research & Marketing Group), ijtimoiy tarmoqlar (Twitter), qishloq xo‘jaligi (Kingdom Agricultural Development Company).

Four Seasons Hotels asoschisi Aysedor Sharpning 2013 yilda “Vedomostyam” ga bergan intervyusida al-Volid to‘g‘risida shunday deydi: “Mening biznes-hamkorim al-Volid eng yaqin do‘stlarimdan biriga aylangan, Ar-Riyodga tashrif buyurganimda u meni yaxshi kutib oladi. Torontodagi yangi Four Seasons al-Volid eski mehmonxona binosini sotib olgani tufayli yaratildi, bu bizga yangi bino qurishga imkon yaratdi va u mehmonxonaning yangi binosi egasiga aylandi. Biznesni endigina boshlaganimizda u mendan so‘radi: “Hamkorlikning qaysi turiga umid bog‘layapsiz? Men javob berdim: “Sheriklikka”. “Yo‘q, - dedi u. – Bu sheriklikdan ham yaqinroq hamkorlik, alyans bo‘ladi”. Va u buni amaliy jihatdan isbotladi”.

1995 yilda shahzoda yangi London shahri Canary Wharfning qurilishiga sarmoya kiritdi (investitsiya hajmi e'lon qilinmagan). 1998 yilda KNS Ar-Riyoddagi yangi “Shohona shahar” loyihasi - elita uchun mo‘ljallangan turar-joy, savdo va ofis kompleksi bilan shug‘ullanishni boshladi. Qurilish 2012 yilda tugallangan, osmono‘par bino balandligi 302 metr bo‘lib, o‘sha vaqtda Yaqin Sharqdagi eng baland inshoot edi.

2011 yilda KNS Twitter aksiyalarini 300 million AQSh dollariga sotib oldi. Shahzodaning o‘zi ham ushbu resursdan faol tarzda foydalanadi, u orqali fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. U katta auditoriya – 3,35 million o‘quvchilarga ega.

Altruist emas

2000 yilda shahzoda ta'lim sohasidagi loyihalar bilan shug‘ullana boshladi va Ar-Riyoddagi birinchi xususiy maktabni ochdi. O‘shanda KNS George Herbert Walker Bush Amerika stipendiya fondiga 0,5 million AQSh dollari miqdoridagi grantni yo‘lga qo‘yib, hayriya bilan faol tarzda shug‘ullana boshladi. Keyinchalik shahzoda Qohiradagi Amerika universiteti, Britaniyaning Exeter, Garvard va Jorjtaun universitetlariga pul o‘tkazdi. 2004 yilda u tabiiy ofatlar - Osiyodagi sunami, Pokistondagi zilzila va b. qurbonlariga yordam tariqasida pul yubora boshladi. KNS saytida yana bir hayriya aksiyasi – Tunis uchun 5000 ta kompyuterlar sotib olinishi haqida so‘z boradi.

Sobiq xodimlarning Business Insider ga bergan intervyusida aytilishicha, uning hayriya faoliyati altruizm emas, yoqimli obrazni yaratish, natijada biznesni rivojlantirishni maqsad qilgan, aql bilan tuzilgan rejadir. «U filantrop, biroq uning hayriya aksiyalari faqat matbuot uchun amalga oshiriladi, - deydi uning sobiq xodimlaridan biri. – Men u bilan har bir Afrika mamlakatiga borganman. Hayriyada pullar qoplab – million dollarlab berilardi. Biroq mamlakatga ikki-uch yil o‘tgach qaytganimizda u yerda mehmonxona qurishni rejalashtirayotganimiz mu'lum bo‘lardi. Al-Volid qilayotgan har bir ish o‘z sababiga ega, bekordan-bekorga amalga oshirilmaydi”.

 

Mazkur maqoladan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, Saudiya Arabistoni shahzodasi al-Volid bin Talal moliya hisobini yuritishda yetarlicha bilimga ega. Buni uning investitsiyalari yo‘nalishi va hajmi, ular natijasida olayotgan daromadidan ham bilishimiz mumkin. 32 milliard AQSh dollari miqdoridagi hayriya esa omma e'tiborini yana ko‘proq o‘ziga qaratish, natijada o‘z biznesini yanada rivojlantirib, hozirgidanda ko‘proq boylikka erishish maqsadida amalga oshirilyapti.

Top