14:24 / 10.07.2015
2107

Stiven Jyerrard: Sterling "Liverpul" muxlislariga nisbatan hurmatsizlik qilmoqda

"Liverpul" jamoasida 17 yil davomida o‘ynab, sardorlik qilgan va o‘tgan mavsumdan keyin jamoani tark etib, okeanortiga yo‘l olgan Stiven Jyerrard Rahim Sterlingning jamoa bilan mavsumoldi turnesida ishtirok etishga bormagani bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

"Menga Sterlingning transferi bilan bog‘liq gap-so‘zlarning hech biri yoqmayapti. Menimcha, bu o‘rinda Sterling ortiqcha gap-so‘zlarsiz ish tutsa ham bo‘lardi. Bunday vaziyatda u o‘zini haqiqiy erkaklardek tutishi kerak edi.

Rahim jamoa rahbariyati bilan ochiqchasiga gaplashib, o‘zi nimani istayotgani haqida ma'lum qilishi kerak. U turnega bormasdan muxlislarning yarasini yana bir bor tirnashi shart emasdi.

"Liverpul"ning millionlab muxlislari uni jamoa libosida ko‘rishdan baxtiyor bo‘lishardi. U esa muxlislar bilan adolatsiz munosabatda bo‘ldi", deydi Jyerrard Sky Sports nashriga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Sterling "mersisaydliklar" bilan yana 2 yillik shartnomasi borligiga qaramasdan, o‘zi istagan maosh berilmayotgani tufayli jamoadan ketishni istamoqda.

Futbolchiga "Manchester Siti" tomonidan jiddiy qiziqish mavjud va "shaharliklar" uni sotib olish uchun ikki marta, 25 va 40 mln funtlik takliflar berishgan. Lekin, "Liverpul" uning transfer summasi 50 mln funt ekanini bildirgan holda, bu takliflarni rad etgan.

Top