09:56 / 11.07.2015
7701

2015 yilgi "Sharq taronalari" festivalida 7ta davlat vakillari ilk marta ishtirok etishadi

Samarqandda “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivaliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda viloyat ishchi guruhi a'zolari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan va 1997 yildan buyon har ikki yilda bir marta an'anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur san'at anjumani bugungi kunda dunyoning eng nufuzli madaniy forumlaridan biriga aylangani ta'kidlandi. 

Ma'lum qilinishicha, bu gal 65 davlatdan 320 dan ziyod ishtirokchi kelishi kutilmoqda. Portugaliya, Mavrikiya, Butan, Kosta-Rika, Mali, Peru, Ekvador davlatlari vakillarining ilk bor festivalda qatnashishi kutilmoqda. Dastlabki festivalda 31 davlat vakillari Registonda o‘z san'atini namoyish etgandi.

Festival YuNeSKO shafeligida o‘tkazilayotgani tufayli unda mazkur xalqaro tashkilot rahbarlarining rasmiy mehmon sifatida ishtirok etishi an'anaga aylangan. Xususan, 2013 yilgi festivalda YuNeSKO Bosh direktori Irina Bokova qatnashgan edi. 

"Festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkaziladi. Sharq an'anaviy musiqasi rivojlanishining bosqichlari va uning jahon musiqa madaniyati rivojidagi o‘rnini o‘rganish maqsadida tashkil etilayotgan bu yilgi anjumanda hozirgacha 15 davlatdan olimlar qatnashish istagini bildirgan. Hozir konferensiya dasturi tayyorlanmoqda", – deydi mazkur anjuman rahbari, san'atshunoslik doktori, professor Rustam Abdullayev. 

Matbuot anjumanida festivalga tayyorgarlik doirasida Samarqand shahrida mehmonlarni kutib olish va ularni mehmonxonalarga joylashtirish, yuqori sifatli zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida ham ma'lumot berildi.

Top