09:09 / 11.07.2015
3878

AQSh Davlat departamenti Rossiyani bosh xavf deb hisoblamasligini aytdi

AQSh Davlat departamentining rasmiy vakili Mark Toner Rossiyani AQSh uchun bosh xavf deb hisoblamasligini aytdi.

“Biz Rossiya bilan uning Ukrainadagi xatti-harakatlari tufayli muayyan kelishmovchiliklarga egamiz. Biroq biz buni AQSh uchun hayotiy xavf deb hisoblamaymiz”, deb aytdi Toner matbuot-anjumanida.

Avvalroq Shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi lavozimiga nomzodi taklif etilgan AQSh dengiz piyoda askarlari korpusi qo‘mondoni Jozef Danford Senatda chiqishi paytida Rossiyani asosiy xavf deb bilishini aytgan edi. Keyinroq Oq uy uning bu fikrini qo‘llab-quvvatlamasligini ta'kidladi.

Toner AQSh Danford Rossiyadan keyingi 2-raqamli xavf deb aytgan Xitoyni ham bunday xavf deb bilmasligini aytdi.

“Davlat kotibi "IShID" terrorchilik tashkilotini, ayniqsa davlatlar hukumatlari nazoratida bo‘lmagan hududlarda asosiy xavf deb biladi”, deb aytdi Toner.

Toner AQSh Rossiya bilan kelishmovchiliklarga ega bo‘lsada, bir qator muhim masalalar, xususan Eron bo‘yicha hamkorlik qilayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Top