11:20 / 11.07.2015
4029

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 6 yilda 3 barobar ortgan

O‘zbekiston Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa sammiti doirasida 10 iyul kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin bilan uchrashdi. Tomonlar o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qilishdi.

Islom Karimov keng ko‘lamli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ikki davlat rahbarlarining do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotlari negizida tobora rivojlanib borayotganini ta'kidladi.

Xitoy bilan iqtisodiyot, transport kommunikatsiyalari, ta'lim kabi qator sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘rta Osiyo – Xitoy gaz quvuri, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi, Angrenda avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyer lentasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunalari hisoblanadi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 6 yilda 3 marta ortgan. 2008 yilda bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilda 4,7 milliard dollarga yetdi.

Si Tszinpin O‘zbekiston rahbarini joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklab, O‘zbekiston xalqi Islom Karimov rahbarligida barcha sohalarda yanada katta yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonch bildirdi.

XXR Raisi Xitoy tomoni O‘zbekistonda tibbiyot, ta'lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik yordam sifatida 350 million yuan miqdorida grant ajratganini ma'lum qildi.

Uchrashuvda ShHT doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Top