17:22 / 11.07.2015
4030

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning so‘nggi guruhi umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga uchib ketdi

Bugun 11 iyul kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 249 nafardan iborat so‘nggi guruhi “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning zamonaviy avialaynerida Saudiya Arabistoni Podshohligiga Ramazon mavsumida umra amallarini bajarish uchun uchib ketdilar.
Hozirgi kunda Saudiya Arabistonida jami 670 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilar umra ziyoratlarini amalga oshirmoqdalar.

Joriy yilning 16-20 iyul kunlari umra ziyoratidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerlarida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Vatanimizga olib kelish ishlari rejalashtirilgan.
Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.
Avval xabar qilganimizdek, Ramazon mavsumida ziyorat 10 kunni tashkil etadi. Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun bo‘ladilar. Ziyoratchilarga Saudiya Arabistonida o‘zbekistonlik 2 nafar ishchi guruhi, 3 nafar shifokor, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 100-150 metr masofada joylashgan to‘rt yulduzli “Feyruzatul Xayr” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 1500-2000 metr uzoqlikdagi “Sovfatal Miya'd” mehmonxonasi xizmat ko‘rsatmoqda.
Mehmonxonalarda ziyoratchilarimizning saxarlik va iftorlik qilishlari uchun oshxona hamda ularning sog‘liqlarini doimiy nazorat qilish maqsadida minishifoxonalar faoliyati tashkil etilgan.
Shuningdek, ziyoratchilar uchun mehmonxonalarda sun'iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni Podshohligida kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi ishchi guruhi tomonidan “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashe hamkorligida tashkil etilmoqda.

Top