00:35 / 11.07.2015
28503

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni haqiqatdan sevasizmi? Imtihonga tayyormisiz?

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taolo Qur'oni Karimda aytadi:

«Ayting (ey, Muhammad!): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir» (Oli Imron surasi, 31 oyat).

E'tibor bering, barchamizda «Allohni sevaman» degan da'volarimiz bor, Allohga muhabbatim cheksiz, deymiz. Ammo, ushbu muhabbatning izhori nimada ekan? 

Alloh taologa bo‘lgan muhabbatning izhori, mujallad-mujallad kitoblarni yozish bilan emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga itoat bilan o‘z ifodasini topar ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga bo‘ysunayotgan insonning Allohga muhabbati bor, desak bo‘lar ekan.

Alloh taolo - Meni sevaman desang, Mening habibimga bo‘ysunasan demoqda. Mana, Alloh taolo O‘z Rasulining maqom-martabasini bizga izhor qilishining namunasi. Agar Rasulimga ergashmasang, muhabbating yolg‘on, muhabbating soxta, demoqda. Alloh, O‘zining Rasuli sollallohu alayhi va sallamga bo‘ysunganimizdagina bizga muhabbat qo‘yadi. Alloh taolo muhabbat qo‘ygan banda qiyomat kuni jannatga kirish va Allohning jamolini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ladi. Shu dunyodagi mukofoti esa - Alloh taolo o‘z Rasuliga ergashgan bandasining gunohlarini kechaman demoqda va o‘zining umidbahsh bo‘lgan «G‘ofur» – o‘ta mag‘firatli va «Rohiym» – o‘ta rahimli sifatlarini aytib bashorat bermoqda.

Alloh taoloning Rasuli sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan muhabbat insonni qanday ishlarni qilishlikka olib borishi mumkin? Kelinglar, bu to‘g‘risidagi misollarni keltirib o‘taylik.

Ibn Asokir rahmatullohi alayhi Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga muhtojlik yetdi. Bu muhtojlikdan bir necha kun davomida yegulik bo‘lmadi. Bu habar hazrati Aliy roziyallohu anhuga yetib bordi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu bu narsani ko‘tara olmadilar. Ko‘chaga chiqib, mehnat qilib biror narsa topib kelish uchun xizmatga bordilar. Bir yahudiyning qo‘liga mardikor bo‘lib yollandilar. Uning bog‘ini 17 chelak suv bilan sug‘orib berdilar. Yahudiy har bir chelagi uchun bittadan hurmo beraman dedi va hazrati Aliy rozi bo‘ldilar. Yahudiy hurmolarni ko‘rsatib, xohlaganingni tanlab ol, deganida, Hazrat Aliy roziyallohu anhu ajva hurmosini tanlab oldilar. O‘sha hurmoni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib keldilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hazrat Aliy roziyallohu anhuning o‘zlari ham nochor hayot kechirayotganlarini bilardilar. Shundan hayron bo‘lib: «Ey Aliy, buni qayerdan olding?», deb so‘radilar. Hazrat Aliy roziyallohu anhu esa, sizga yetgan muhtojlikni ko‘tarolmasdan, birovning bog‘ini sug‘orib bu hurmolarni olib keldim, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Aliy bu ishni Alloh va uning Rasuliga bo‘lgan muhabbating tufayli qildingmi?», dedilar. Hazrati Aliy - ha, shundoq qildim, dedilar. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kimki, Alloh va Uning Rasuliga muhabbat qo‘yadigan bo‘lsa, endi tayyorgarligini ko‘raversin. Unga shunday muhtojliklar yetadiki, huddi sel yoqqanida yuzi qanday ho‘l bo‘lib ketsa, shunday kambag‘alliklar yetadi. Kimki, Alloh va Uning rasuliga muhabbat qo‘yadigan bo‘lsa, tayyorgarligini ko‘raversin. Unga shunday balolar keladiki, o‘sha balolarga u qalqon bo‘lib turib berishiga to‘g‘ri keladi», dedilar.

Mana shu gapni eshitganidan keyin, ancha-muncha odam, agar unday bo‘lsa, Alloh va Uning Rasuliga muhabbat qo‘yishga hojat yo‘q ekan-da, deb yuboradi. Lekin, Hazrat Aliy roziyallohu anhu bundan hursand bo‘ldilar, bu so‘zlardan keyin ko‘zlariga yosh oldilar. Chunki Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi va sallamga muhabbat qo‘yganlarning boshiga bunday sinovlar tushishi muqarrar. Chunki bu muhabbat sinovsiz bo‘lmaydi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bir inson oddiy bir insonga muhabbat qo‘ysa, uning boshiga qanchalar musibatlar tushadi. Yaqindagina bir yosh yigit oldimga kelib, yig‘lagudek bo‘lib, bir qizni sevishi, qiz kambag‘al oiladan ekanligi, yigitning oilasi boy ekanligi aytdi. Ota-onasi u qizni olib berishlikka qarshi ekan. Yigitni aytishicha, u o‘z ota-onasi borib turadigan folbinning yoniga borib: «Agar ota-onam sizning oldingizga yana kelishsa, sizdan iltimos, ularga - farzandingiz o‘sha qizga uylanmasa, o‘g‘lingiz rasvo bo‘ladi, deb fol ochib bering», debdi. Bir qizga bo‘lgan muhabbati, bir insonni iymonidan ayirishga olib boryapti. Yigitning ulfatlari esa, o‘sha qizning nomusiga tegsang, qiz esa seni ustingdan shikoyat yozsa, ota-onang ilojsizlikdan u qizni olib berishga majbur bo‘ladi, deb maslahat beribdilar. Yaxshi ham, ozgina iymoni bor ekan, menga: «Domla, o‘rtoqlarim shunday maslahat beryapti, men noto‘g‘ri bo‘lsa kerak deb o‘ylayapman, siz nima deysiz?», deb so‘radi. Buni qarang! Bir qizga bo‘lgan muhabbat qanday ishlarni qilishgacha olib bormoqda.

Endi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan muhabbat imtihonsiz, sinovsiz bo‘ladimi?

Ba'zi bir insonlar: «Namoz o‘qisam, ro‘za tutsam, Qur'on tilovat qilsam, ibodatlarni ado etsam - lekin hamon ishlarim orqaga ketyapti», «qizlarimning bahti ochilmayapti», «o‘g‘illarim o‘ttizga yaqinlashib qoldi, uylantirolmayapman», «qaysi ishga qo‘l ursak yurishmaydi» va boshqa shunga o‘xshash muammolarni aytishadi. Ularning namoz o‘qishi, ro‘za tutishi va boshqa amallarni qilishlari, o‘sha balolarni kelishiga sababchi emasmi? Nima uchun? Chunki Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi va sallamga muhabbatingiz sizni namoz o‘qishingiz, ro‘za tutishingiz, tilovat qilishingizga sabab bo‘lmoqda. Shuning hisobiga sizga balolar kelmoqda. Buni hursand bo‘lib, shodlik bilan kutib olish kerak. Nimaga? Chunki, mening muhabbatimning samarasi o‘laroq, Alloh menga shu sinovlarni yuboryapti, deb kutib olish kerak. Agar muhabbatingiz bo‘lmaganida, boshingizga Alloh sinovlarni yubormagan bo‘lardi.

Qanchadan qancha mushriklar, kofirlar, munofiqlar kayfu-safo qilib, yallo qilib yashayapti. Nima uchun? Chunki ularga bu dunyoda imtihon yo‘q. Chunki ular imtihon bo‘layotgan xonaga ham kirolmaydi. Imtihon bo‘layotgan xonaga kirish uchun «Laa ilaaha illalloh, Muhammadan rasululloh» kalimasi kerak. Ular imtihonga yaqinlasholmaydi ham! Darvozasidan ham kirolmaydi! Unda nima uchun: «ular maza qilib yashayapti, biz esa ibodatlarni qilib qiynalayapmiz», deyishimiz kerak?!

Bir talaba imtihonga o‘zi havas qilib boradimi? Agar imtihonni xohlamasa, imtihon topshirmasdan ko‘chada yuraversin edi. Talaba hujjatini topshiradi, bir o‘ringa o‘nta talaba talashib turadi - men kirishim kerak, deb. Bor budini sarf qilib bo‘lsa ham, shu imtihondan o‘tishga harakat qiladi. Lekin kimlardir ko‘chada kayf-safosini qilib yuribdi, o‘qishga harakat ham qilmaydi. Agar sizni unga havasingiz kelsa, oliygohning eshigidan kirmasdan, hujjatlarni topshirmasdan, imtihonga kirmay yallo qilib yuravering edi. O‘zingiz iltimos qilib bordingiz axir!

Imtihonga kirishni butun vujudingiz bilan talab qilyapsizmi, demak siz «Laa ilaaha illalloh» kalimasi bilan ochiladigan eshikni, o‘zingiz iltimos qilib ochdingiz, mo‘min-musulmon bo‘ldingiz. Alloh va Uning Rasuliga muhabbatim bor deb da'vo qilyapsizmi - endi imtihonga chidang, sabr qiling! Kelib, «Dod!», deb yubormang! «Qiyin bo‘lib ketdi...», «u bo‘lmay qoldi, bu bo‘lmay qoldi...», «Nima qilamiz endi, yashashga qo‘yadimi yoki yo‘qmi?», demang!

Mo‘minmisiz – yashang! Iymoningiz bormi – chidang! Sabr qiling!

Huddi shunday, sahobalar ham Rasulullox sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo, Rasululloh, kofirlarni duoibad qiling», deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Shoshilmanglar. Sizlardan oldingilarning go‘shtlarini temir taroq bilan shilib, suyagigacha ajratib taraganlarida ham, iymonidan qaytmaganlar, shoshilmanglar, shoshilyapsizlar», deganlar.

Bizlarni esa, arzimas imtihonlarga chidolmasdan, muhabbatimiz sinovdan o‘tolmasdan qolayotganlarimiz ko‘p.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi kelib «Yo Rasululloh, qiyomat qachon bo‘ladi?», deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Qiyomatga nima tayyorgarlik ko‘rdinki, uni so‘rayapsan?», dedilar. O‘sha sahoba: «Yo Rasululloh, mening qiyomat uchun Alloh va Uning Rasuliga bo‘lgan muhabbatimdan boshqa hech narsam yo‘q», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Sen kimni sevsang, qiyomat kuni o‘shalar bilan birga bo‘lasan», dedilar. Anas roziyallohu anhu: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning «Sen kimni sevsang o‘shalar bilan birga bo‘lasan», so‘zlarini eshitganda hursand bo‘lganchalik, hech qachon hursand bo‘lmagandik. Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni sevaman, Abu Bakrni sevaman, Umarni sevaman va qiyomat kuni ular bilan birga bo‘lishni umid qilaman», dedilar (Ikki shayx rivoyat qilganlar).

Mana shuni eshitgandan keyin, hammamiz ham aytishimiz kerak: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni sevaman, Abu Bakrni sevaman, Umarni sevaman, Usmonni sevaman, Aliyni sevaman, Anas ibn Molikni sevaman» va ular bilan birga bo‘lishni biz ham xohlashimiz kerak. Shundagina haqiqiy muhabbat bo‘ladi. Anas ibn Molikning qobiliyatlarini, iqtidorlarini, tadbirkorliklarini qarang. Joyida javob berdilar, ularni sevishlarini bildirdilar. Biz ham shunday bo‘lishimiz kerak. Ana shunday muhabbat egalari bo‘lsak, inshaAlloh najot topamiz.

Boshqa bir rivoyatda: «Talha ibn Barro roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yopishib oyoqlarini o‘pdilarda: «Yo Rasululloh men sizni shunday sevamanki, meni qanday ishga buyursangiz shuni qilaman», dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam uni sinamoqlik uchun: «Borib otangni o‘ldir», dedilar. Talha ibn Barro roziyallohu anhu shartta o‘girilib, otalarini o‘ldirish uchun ketayotganlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «To‘xta, men silai rahmni uzishlik uchun kelmaganman, bu ishingdan qayt», dedilar.
Sinovni qattiqligini qarang! Imtihonni qarang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Talha roziyallohu anhuning muhabbatlariga qanday javob berdilar? Talha roziyallohu anhu betob yotganlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u kishini ziyorat qildilar va bu kasallik Talha roziyallohu anhuni olib ketishini bildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ahllariga, agar Talha haqida biror habar kelsa menga habarini beringlar, dedilar. Kechga yaqin Talha roziyallohu anhuning vafotlari habari keldi va kech bo‘lib qolganligi sababli Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytishmadi. Yertasi kuni sahar vaqtida Talha roziyallohu anhu vafotlarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytganlarida, qishning sovuq kunida, saharda Talha roziyallohu anhuni janozalariga bordilar va unda saf tortib turilganda: «Ey Robbim, Talhaga tabassum qilib turgan holatingda Talhani o‘zingga yo‘liqtirgin va Talha ham senga tabassum qilgan holatida, O‘zing bilan qovushtirgin» deb duo qildilar.

Nimaga shunday duo qildilar? Chunki, hatto o‘layotgan vaqtlarida ham Talha roziyallohu anhuning iltimoslariga e'tibor bering. U kishi: «Meni tezroq ko‘minglar, Robbim bilan meni tezroq uchrashtiringlar. Tezroq dafn qilinglar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni janozamga chaqirmanglar. Chunki u zot janozamga kelayotganlarida, yo‘lda biror bir yahudiy ularga men sababli zarar berib qo‘yishidan qo‘rqaman», degan ekanlar. Mana shu haqiqiy muhabbatdir.

Ishoq Muhammad
«To‘xtaboy» jome' masjidi imom xatibi
(Robiul-avval oyiga bag‘ishlangan juma mav'izasidan)

Manba: ummat.uz

Top