10:13 / 11.07.2015
3679

Toshkentda Butunjahon Yer aholisi kuni keng miqyosda nishonlandi

11 iyul kuni Butunjahon Yer aholisi kuni nishonlanadi. 10 iyulda Toshkentdagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bu sanaga bag‘ishlangan katta tadbir o‘tkazildi. Bayram dasturiga turli sport musobaqalari, shashka bo‘yicha musobaqa va asfalt ustidagi bolalar rasmlari tanlovi kiritildi.

1,5 km.lik masofaga yugurish musobaqasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 100dan ortiq mahalla maslahatchilari ishtirok etishdi. Aynan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi BMT Yer aholisi fondi (UNFPA) bilan birgalikda ushbu tadbirni tashkil etdi.

Toshkentdagi “Murruvat” uylari tarbiyalanuvchilari asfaltda quyosh, uychalar, gullar va daraxtlar rasmlarini chizishdi. Shuningdek, ular shashka musobaqasida ham o‘z bilimlarini namoyish etishdi.

Butunjahon Yer aholisi kuni 1987 yildan beri nishonlanib kelinadi. Aynan shu yili jahon hamjamiyati Yerning 5-milliardinchi vakilining rasmiy tug‘ilishini nishonlagan edi.

Bu yilgi bayram to‘qnashuvlar va gumanitar falokatlar paytida ayollar va yoshlarning o‘ziga xos ehtiyojlarini ta'kidlash uchun “Favqulodda vaziyatlarda aholining himoyasiz guruhlari” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

“Hattoki odatiy sharoitlarda ham tug‘ruq yoshidagi ayollar orasida reproduktiv salomatlikdagi salbiy oqibatlar ular orasidagi o‘lim va kasalliklarning asosiy sababi hisoblanadi. Gumanitar falokatlar paytida aziyat chekkan aholidan taxminan 5 ayoldan biri homilador bo‘ladi. Bunday paytlarda malakali akusherlik yordami ko‘rsatishning ko‘pincha imkoni bo‘lmaydi, ayol-qizlar o‘rtasida o‘lim va salbiy oqibatlar ehtimoli oshadi”, deb aytdi BMT Yer aholisi fondining O‘zbekistondagi vakili Karl Kulessa.

Ushbu sana munosabati bilan an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan tadbirlar borgan sari ko‘proq odamlarni o‘ziga jalb etmoqda. O‘tgan yilga nisbatan bu yilgi tadbirda ikki marta ko‘proq odam ishtirok etgani bundan darak beradi. Tadbir ijodiy jamoalarning bayram konserti bilan boshlandi. So‘ngra mahalla ayol maslahatchilarining yugurish musobaqasiga start berildi.

Tadbirning yosh ishtirokchilari ham o‘z badiiy qobiliyatlarini namoyon qilishdi. Bog‘dagi katta chinor soyasi ostida shashka bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa va tanlovlar g‘oliblari va faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Top