15:31 / 12.07.2015
2696

Qirg‘iziston Hindistonning BMTni isloh qilish haqidagi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi

Qirg‘iziston BMTda islohotlar o‘tkazish bo‘yicha Hindiston tomonidan taklif etilgan g‘oyani to‘la ma'qullaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda mamlakat rahbari Almazbek Atambayev 12 iyul kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin ma'lum qildi.

Ayni vaqtda Narendra Modi Qirg‘izistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bishkekda u Qirg‘iziston prezidentidan tashqari mamlakat bosh vaziri Temir Sariyev hamda parlament spikeri Asilbek Jeenbekov bilan ham uchrashdi. Ushbu uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama ilm-fan va madaniy sohalarda bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

"Biz hududiy va xalqaro doiralarda doimiy ravishda hamkorlik qilamiz. Xususan, BMT doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qildik", deydi Atambayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston va Hindiston barcha masalalarda umumiy fikrga ega hisoblanadi.

O‘z navbatida Narendra Modi BMT tashkil topganining 75 yilligi munosabati bilan bu tashkilot insonparvarlik masalalari bo‘yicha jiddiy ish olib borish kerakligini ta'kidlagan.

Davlat rahbarlarining tor doirada o‘tkazilgan uchrashuvida uzoq muddatga hamkorlik qilish, xususan, Afg‘onistonda tinchlikni saqlashga qaratilgan hamkorlik yuzasidan fikrlar almashilgan.

Uchrashuvda, hindlar yetakchisi ikki tomonning iqtisodiy sohalarda ham hamkorligi yuzasidan takliflar bildirgan.

"Hindiston va YeOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) o‘rtasida erkin savdo bo‘yicha kelishuv mavjud. Bu kelishuvga ko‘ra tuzilmaning yangi a'zosi Qirg‘iziston Hindiston bilan iqtisodiy aloqlarni kengaytirishi mumkin. Ikki davlatning iqtisodiy hamkorligi bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi", deydi Narendra Modi.

Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yilda 40 mln dollarni tashkil etgan.

Top