19:50 / 13.07.2015
4114

Rossiya Tergov qo‘mitasi vakili Markin: Savchenko 25 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Ukrainalik uchuvchi Nadejda Savchenkoga 25 yil qamoq jazosi berilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi vakili Vladimir Markin ma'lum qildi.

“Savchenkoga artilleriya qurolidan o‘qqa tutish orqali fuqarolarning joniga qasd qilish aybi qo‘yilmoqda. Bu modda bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha jazo nazarda tutilgan, biroq Rossiya Jinoyat kodeksiga muvofiq, ayollarga umrbod qamoq jazosi tayinlanmaydi. Shu tariqa, Savchenkoga berilishi mumkin bo‘lgan maksimal qamoq jazosi 25 yilni tashkil qilishi mumkin”, deyilmoqda xabarda.

Avvalroq Savchenko ishi bilan Rostov viloyatining Donetsk shahri sudi shug‘ullanishi ma'lum qilingandi.

Ma'lumot uchun, Nadejda Savchenko Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi bo‘lib, Mi24 vertolyotining shturmani bo‘lib xizmat qilgan. Savchenko 2014 yil 17 iyunda Lugansk yonida VGTRK (Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi) suratga olish guruhi jurnalistlarining qotilligiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Top