20:49 / 13.07.2015
2376

Tula viloyatida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik giyohvandfurush 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Rossiyaning Tula viloyati sudi O‘zbekiston fuqarosini katta miqdordagi geroin moddasi sotganlikda aybdor deb topdi. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligiga viloyat prokurori katta yordamchisi Lyubov Kuznetsova ma'lum qildi.

Sud materialiga ko‘ra, Tula viloyatiga ishlagani kelgan O‘zbekiston fuqarosi D.Isoqov geroin sotib olib, uni o‘zi yashaydigan joyda saqlab, ularni keyinchalik sotish uchun paketlarga qadoqlab chiqqan. Giyohvand moddalarni mijozlarga berish uchun maxfiy joylar tashkil qilgan. Jinoyatchi bunday joylar va ularning miqdori haqida tergov davomida shaxsi aniqlanmagan vositachiga xabar bergan. Vositachi o‘z navbatida giyohvand moddalar sotib oluvchilar bilan bog‘lanib, ularga kerakli ma'lumotni bergan.

Mahalliy aholi jinoyatchining mijozlari bo‘lgan. Ulardan biri 5 fevral kuni narkopolitsiyachilar tomonidan qo‘lga olingan, uning yonidan choy paketiga solingan geroin topilgan.

Bir necha kundan keyin giyohvandfurushning o‘zi ham qo‘lga olingan, uning yonidan 416 gramm geroin moddasi topilgan.

Sud davlat ayblovchisining hukmiga rozi bo‘lib, Isoqovni qattiq tartibdagi axloq-tuzatish koloniyasida jazoni o‘tash bilan 15 yil ozodlikdan mahrum etdi.

Top