15:12 / 14.07.2015
13468

Avtomaktabda o‘qiyotgan qiz instruktorning tegajog‘ligidan norozilik bildirdi

Toshkentdagi avtomaktablardan birida o‘qiyotgan qiz mashina haydashni o‘rgatayotgan instruktorning unga tegajog‘lik qilayotganidan noroziligini bildirdi. Uning maktubi bir qator onlayn nashrlarda e'lon qilindi.

Matnda aytilishicha, qiz o‘tgan yili kollejni bitirib, turistik firmaga kotiba bo‘lib ishga joylashgan. U pul jamlab, avtomaktabga o‘qishga kirgan.

Ta'kidlanishicha, nomi keltirilmagan qiz darslarda faol ishtirok eta borgan va o‘zlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan. Ammo amaliyotga chiqqanda mashina haydashni o‘rgatuvchi instruktor unga nojo‘ya xatti-harakatlar qila boshlagan. U qizni haydashga olib chiqqanda boshqa o‘quvchilarni birga olmaslikka harakat qilgan, yolg‘iz qolganlarida esa nojo‘ya gaplar aytgan.

Bir safar u qizga uyga olib borib qo‘yishni, yana bir safar esa birga tushlik qilishni taklif qilgan. Boshqa hollarda esa unga “tasodifan” tegib ketishga harakat qilgan. Qizning boshqa instruktor bilan ishlash talabi qondirilmagan.

Nihoyat, bir safar instruktor qizga tahdid qilib, boshqa uning ustidan arz qilmaslikni aytgan. Uning harakatlaridan cho‘chigan qiz mashina svetoforda to‘xtaganida eshikni ochib, chiqib ketgan. Qiz militsiyaga yetib borguniga qadar mashina ketib bo‘lgan. Avtomaktab direktoriga murojaat qilinganida esa u dalillarsiz hech narsa qila olmasligini aytgan.

“Nima qilay? Imtihongacha oz vaqt qoldi, avtomaktabga bunday voqeadan keyin qanday boraman?”, – degan so‘zlar bilan o‘z maktubini yakunlaydi jabrdiyda qiz.

Top