06:54 / 14.07.2015
2337

Gazzayev Kapelloni 1 yil oldin ishdan bo‘shatish kerak bo‘lganini aytdi

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy Valeriy Gazzayev italiyalik mutaxassis Fabio Kapello milliy terma jamoa boshqaruvidan ketkazilganiga o‘z fikrini bildira turib, buni "hechdan ko‘ra, kech yaxshi" naqli bilan ifodaladi.

Uning fikricha, Rossiya Braziliyada o‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kirita olmagach, yangi 4 yillik uchun yangi murabbiy olib kelish kerak bo‘lgan.

Gazzayevning fikricha, Rossiyaning o‘zida terma jamoani boshqarishga munosib bo‘lgan bir talay mutaxassislar mavjud.
"1 yil oldin, Braziliya mundialida qatnashish umidlarimiz chippakka chiqqanidan keyin rahbarlar jimlik saqlamasdan, Kapelloni ishdan bo‘shatishlari kerak edi. Natijada 1 yil vaqt yo‘qotildi. Agar o‘shanda to‘g‘ri yo‘l tutilganida, hozir vaziyat boshqacha bo‘lardi. Lekin, bu holat davom etavermasdan, kech bo‘lsayam iste'fo amalga oshirilgani yaxshi bo‘ldi", deydi Gazzayev.

U yangi bosh murabbiylik uchun nomzodlar qatorida Oleg Romantsev, Yuriy Syomin, Aleksandr Borodyuk, Valeriy Karpin va Leonid Slutskiy nomlarini sanab o‘tgan.

Biroz oldinroq Fabio Kapello va uning yordamchisi Oreste Chinkvini Yevro-2016 turniri saralashidagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin milliy jamoa bilan shartnomani bekor qilish haqidagi kelishuvga imzo chekkani haqida xabar berilgandi.

Top