08:47 / 14.07.2015
3577

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi suzish havzalarida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi suzish havzalarida sanitar-gigiyenik sharoitlarga amal qilish bo‘yicha tekshiruvlar qanday borayotgani haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, havzalar (3 yilda 1 martadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) jadval bo‘yicha hamda agar sanitar sharoitlarga tashrif buyuruvchilar tomonidan shikoyatlar bildirilsa tekshiriladi. Havzalar quyidagilarga tekshiriladi:

- dalolatnomada qayd qilingan avval aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarning bajarilishi va ishlab chiqarish laboratoriya nazorati natijalarini qayd qilish jurnalining tutilishi;

- tashrif buyuruvchilar harakati ketma-ketligini tashkil etishga rioya qilish;

- tashrif buyuruvchilar uchun havzalardan foydalanish qoidalarining mavjudligi;

- havoning mikroiqlimi ko‘rsatkichlari;

- dush to‘rlari va oyoq vannalarining ishi, dush, hojatxona, aylanib o‘tish yo‘laklarida suvlar oqib ketadigan traplarning holati;

- havzaning suv bilan to‘ldirilgani;

- resirkulyatsion tizimdagi va daryo suvidan ta'minlanuvchi havzalarda filtrlar yuvilishining hisobga olinganligi;

- xodimlarning ishga kirishi paytida dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tgani haqidagi tibbiy kitobchalar mavjudligi.

Havzalarda sanitar-gigiyenik sharoitlar bo‘yicha shikoyatlar mavjud bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashrif buyuruvchilariga avval havza rahbariyatiga, agar havza ma'muriyati hech qanday chora ko‘rmasa, undan keyin Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga murojaaat qilishlarini tavsiya qiladi.

Top