15:07 / 15.07.2015
6831

Qirg‘iziston Azimjon Asqarov mukofotlangani tufayli AQShni etnik totuvlikni buzishga harakat qilganlikda aybladi

Etnik nafratni qo‘zg‘atishda ayblanib qamoqqa olingan qirg‘izistonlik huquq himoyachisi, asli o‘zbek bo‘lgan Azimjon Asqarovning Davlat departamenti tomonidan “Inson huquqlari himoyachisi” mukofoti bilan taqdirlanishi Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligining noroziligiga sabab bo‘ldi.
Vazirlikning bu boradagi bayonotida AQSh mamlakatdagi etnik totuvlik va muvozanatni buzishga harakat qilganlikda ayblandi.
“Asqarov barcha sud instansiyalari tomonidan respublikada etnik nafratni qo‘zg‘atishda, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, huquq-tartibot organlari xodimini o‘ldirishda ishtirok etishda ayblangan edi”, – eslatib o‘tdi idora vakillari. Shu bois, ularning fikricha, Asqarovning faoliyati tinchlikparvar sifatida baholanishi mumkin emas.
“Shu bois Asqarovning bunday oliy mukofot bilan taqdirlanishi respublika tomonidan mamlakatimizdagi etnik totuvlikni buzishga qaratilgan harakat sifatida baholanadi”, – xulosa qilinadi bayonotda.
Ta'kidlanishicha, mamlakatda huquq himoyasi faoliyati taqiqlanmagan va hatto davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
2010 yilning iyun oyida Qirg‘izistonda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida sodir bo‘lgan etnik to‘qnashuvlarda, rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, 500 kishi halok bo‘ldi, 2 ming kishi yaralandi. Respublikaning o‘zbek jamoasi vakili bo‘lgan inson huquqlari himoyachisi va jurnalist Azimjon Asqarov Jalolobod viloyatida etnik o‘zbeklarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni hujjatlashtirayotgan paytda qo‘lga olinib, qamoqqa tashlandi. Sud uni ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda, etnik nafrat qo‘zg‘atishda hamda militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovni o‘ldirishda qatnashganlikda ayblab umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Kecha AQSh davlat departamenti Asqarovni “Inson huquqlari himoyachisi” mukofoti bilan taqdirladi. Ayni paytda 47-koloniyada jazoni o‘tayotgan Azimjon Asqarov o‘rniga mukofotni uning o‘g‘li Sherzod qabul qilib oladi.

Top