Rossiya terma jamoasi va “Zenit” hujumchisi Aleksandr Kerjakov faoliyatini yakunlab, Rossiya futbol ittifoqiga ishlashga o‘tishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko matbuot-anjumanda jurnalistlarga ma'lum qildi.
32 yoshli futbolchining “Zenit” bilan shartnomasi yana bir mavsum amal qiladi. Biroq peterburgliklar bosh murabbiyi Andre Villash-Boash Kerjakovni asosiy tarkibda ko‘rmayotganini aytgan.
“Aleksandr faqat “Zenit”da o‘ynashni istashini aytmoqda. Agar uni jamoada o‘ynashini istashmasa, unda u faoliyatini yakunlab, RFIga bolalar futboli, terma jamoalar bilan ishlash uchun o‘tishi mumkin. Ertaga u bilan uchrashib, bu vaziyatni muhokama qilamiz”, deb aytdi Mutko.
Kerjakov “Zenit” safida 2001-2006 yillar, 2010 yildan hozirgi vaqtgacha o‘ynab kelmoqda. U, shuningdek, “Sevilya” va Moskvaning “Dinamo” jamoasida ham to‘p surgan. U 352 ta o‘yinda 194 ta to‘pga mualliflik qilgan.
Kerjakov Rossiya terma jamoasi safida 89 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 30 ta to‘p kiritgan. U shu natijasi bilan Rossiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.