14:55 / 16.07.2015
2598

Toshkentda bitta iste'molchini uzoq vaqt aldab kelgan elektr tarmog‘i xodimi qo‘lga olindi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida iste'molchini uzoq vaqt aldab, undan pul olib yurgan elektr tarmog‘i xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda “Ogoh” gazetasi yozmoqda.
1988 yili tug‘ilgan, Yashnobod tuman elektr ta'minoti korxonasining elektr montyor-agent lavozimida ishlab kelgan Sherdil Ergashev iste'molchi Sanobar Xo‘jayevani turli yo‘llar bilan aldab kelgan. Unga ishongan ayol kvitansiyalarni tekshirmagan. Vaholanki Sherdil kvitansiyalarga olgan pulining yarmini yozib kelgan.

Bir safar u elektr hisoblagichning buzilganini aytib, bu 2 mln so‘m jarimaga olib kelishini, lekin 800 ming so‘mga ishni hal qilib bera olishini aytgan. Xo‘jayeva Ergashevga 475 ming so‘m tutqazgan va almashtirish ishlarini o‘zi amalga oshirishini aytgan. Lekin hisoblagich aslida ishlab turgani bois Ergashev hech qanday chora ko‘rmay, pullarni ishlatib yuborgan.

Ergashev ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgani bois lavozimidan ozod qilingan. O‘sha kuni u Xo‘jayevaning uyiga oxirgi marta borib, undan 75 ming so‘m olgan.
Oradan ancha vaqt o‘tib, Ergashevni topa olmagan, hisoblagich almashtirilmaganidan xavotirga tushgan Xo‘jayeva korxona rahbariga uchragan. Ana shunda Ergashevning xatti-harakatlari ochilib qolgan.
Tergov jarayonidan so‘ng ish sudga oshirildi. Sud Ergashevning jinoyatini ko‘rib chiqmoqda.

Top