17:58 / 17.07.2015
12997

Jismoniy rivojlanishda nuqsonli bolalar uyda ta'lim olishlari mumkin

Xalq ta'limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 10 iyundagi qarori bilan "Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonli bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta'lim olishini tashkil etish to‘g‘risida"gi Nizom tasdiqlandi.

Nizomga binoan, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgani tufayli doimiy yoki vaqtincha umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga qatnay olmaydigan bolalar uchun uyda yakka tartibda ta'lim olish tashkil etiladi. Bu haqda "Adolat ko‘zgusi" gazetasida yozilgan.

Bunday turdagi ta'limni tashkil etish uchn maktab direktorlari maktab joylashgan hududda yashaydigan shu toifa o‘quvchilarni aniqlaydi, ro‘yxatga oladi hamda ularni uyda yakka tartibda ta'lim olishga jalb etish choralarini ko‘radi.
Uyda o‘quvchining yakka tartibda ta'lim olishini belgilashda uning doimiy yashash joyidagi tuman davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi asos bo‘ladi. Mazkur tibbiy xulosaga ko‘ra, xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman bo‘limi tomonidan ta'lim berish tizimi amalga oshiriladi.

Uyda farzandiga yakka tartibda ta'lim berilishini istaydigan ota-onalar mazkur nizom bilan tanishib chiqishlari so‘raladi. Nizomda shunday tartibda ta'lim olishga asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati keltirilgan. Mazkur ro‘yxatda keltirilgan kasallik alomatlari bo‘yicha ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchilar bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qiladi. Tibbiy-maslahat komissiyasiga o‘quvchining kasallik tarixidan ko‘chirma, kasallik bo‘yicha maxsus davolash-profilaktika muassasalarining xulosasi, zaruratga ko‘ra boshqa diagnostika tekshiruvlari natijalari taqdim etiladi. Tibbiy ko‘rik murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi. Natijaga ko‘ra, o‘quvchi uyda yakka tartibda ta'lim olish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar mavjudligi aniqlanganda, tibbiy maslahat komissiyasi tomonidan belgilangan shaklga muvofiq holda tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
Tibbiy xulosa 6 oy muddatga yoxud to‘liq o‘quv yiliga beriladi. Mazkur tibbiy xulosa ota-onalarga tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan kunning o‘zida taqdim etiladi.

Shundan so‘ng ota-onalar farzandlarining uyda yakka tartibda ta'lim olishini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan maktab direktori nomiga murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- o‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi xulosasi;
- o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli (ta'lim olgan bo‘lsa);
- yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma'lumotnoma;
- o‘quvchi ota-onasining pasportlari nusxalari;
- tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi.

Maktab direktori arizani qabul qilib olgach, 3 kun ichida o‘quvchini uyda ta'lim olishga jalb qilish haqida xalq ta'limi muassasalarini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi mudiri nomiga yozma murojaat qiladi. Murojaatga ota-onalar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi. Bo‘lim mudiri murojaatni o‘rganib chiqadi va tegishli xulosaga keladi.

Top