18:15 / 17.07.2015
36132

O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligi bayrami “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 17 iyul kuni mamlakat mustaqilligining 24 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Ushbu qarorga ko‘ra, bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tuziladi.

Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqadi.

Qarorga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste'dodli yosh ijrochilar, folklor san'ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilishi belgilangan.

Shuningdek, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina”, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari, Badiiy akademiya va boshqa tashkilotlar zimmasiga birgalikda istiqlolni tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Ranglar jilosida – ona diyor” kabi an'anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta'minlash vazifasi yuklatilgan.

Top