10:13 / 18.07.2015
4859

Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi futbolchilari Kapello bilan xayrlashuv kechasiga kelishdan bosh tortishdi

Rossiya terma jamoasining endilikda sobiq bosh murabbiyi Fabio Kapello Rossiyadan nafaqat mo‘maygina pul bilan, balki mashhur rossiyalik rassomning ijodiga mansub suratni ham olib ketmoqda. Chiroyli narsalar ihlosmandi Kapello shuningdek qimmatbaho suratlar kolleksioneri ham hisoblanadi. Futbolchilar ko‘p o‘ylab o‘tirmay, don Fabioga xayrlashuv sovg‘asi sifatida aynan surat taqdim qilishga qaror qilishdi.

Hammasi yaxshiyu, biroq kechaning o‘zi Kapelloning o‘zi istaganday o‘tmadi. 69 yoshli italiyalik mutaxassis xayrlashuv kechasiga 40 dan ko‘proq rossiyalik futbolchi va jamoa shtabi vakillarini taklif qilgan edi. Biroq kecha o‘tkazilgan restoranga “Lokomotiv” futbolchisi Aleksandr Samedov, TsSKA himoyachisi Vasiliy Berezutskiy va “Dinamo”dan Aleksandr Kokorin hamda “Zenit”dan Aleksandr Kerjakovgina tashrif buyurdilar. Aynan Kerjakov Kapelloga suratni sovg‘a qildi.

Kapello bilan xayrlashuv kechasiga ko‘pchilik futbolchilarning kelmaganining sababini kechaga kelgan futbolchilardan birortasi aytishni istamagan. Biroq ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, qolgan futbolchilar sobiq murabbiy bilan uchrashishdan bosh tortishgan.

Eslatib o‘tamiz, Kapello Rossiya futbol ittifoqi bilan o‘zaro kelishuvga kelga holda 14 iyul kuni iste'foga chiqarildi.

Top