10:44 / 18.07.2015
24456

O‘zbekiston janubiy chegaralarini mustahkamlamoqda

Tolibon va IShID guruhi jangarilari Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida faollasha boshlagani tufayli O‘zbekiston janubiy chegaralarini mustahkamlamoqda. O‘zbekiston chegarachilari Afg‘oniston bilan 140 km li chegaraning xavfsiz ekanligi, har qanday bosqinchilarga qarshi chora-tadbirlar ko‘rilganligini aytmoqda. Bu haqda MDH chegara qo‘shinlari komandirlari kengashining 18 iyun kuni Dushanbedagi konferensiyasi chog‘ida O‘zbekiston vakili bayonot berdi.
O‘zbekiston chegara qo‘shinlarining yaxshi tayyorgarligi va sergakligi tufayli Afg‘oniston hududidan giyohvand moddalarning o‘tkazilishi ham nazorat ostiga olindi. Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, Afg‘oniston ko‘knorining faqat 1 foizi O‘zbekistonga olib o‘tilgan.
“90-yillar oxirida Tolibon va O‘zbekiston islom harakatining chegaraga yaqinlashishi jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lgan edi, – deydi toshkentlik jurnalist Rustam Ahmadullin. – Jangarilarning chegarani buzib o‘tishi tahdidi mavjud edi”.
“Bugun esa Afg‘oniston chegaralarida jangarilarning to‘planishi haqidagi xabarlar unchalik katta xavotirga sabab bo‘lmayapti, – qo‘shimcha qiladi jamiyatshunos Valeriy Xan. – Oxirgi yillarda O‘zbekiston armiyasi mintaqadagi eng katta kuchga aylandi”.
Bu fikrlar "O‘t qudrati" global indeksi ma'lumotlariga asoslanadi – u O‘zbekiston qurolli kuchlarini 2014 yili Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya deb topgan edi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston chegaralarida Tojikiston chegaralaridagiga nisbatan kamroq jangarilar to‘plangan, deb xabar berdi O‘zbekiston chegara xizmati shtabi boshlig‘i general-mayor Nosirbek Usmonbekov Dushanbe konferensiyasi davomida.
Usmonbekov aprel oyida Tojikistonda bo‘lib, Xo‘jandda chegara qo‘shinlari hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Kuchlar chegaradagi vaziyat bo‘yicha axborot almashib turishga kelishib olishdi. Bu tarixiy voqea ikki qo‘shni davlat chegara qismlari komandirlari o‘rtasida o‘tkazilgan birinchi konferensiyani yuzaga keltirdi.
Shu bilan birga, ushbu davlatlar Afg‘oniston bilan ham aloqalarini rivojlantirib bormoqda.
“O‘zbekiston va Tojikiston bilan hamkorlikning kengayishi o‘tgan yilning sentabrida Afg‘onistonda yangi hukumatning shakllanishi bilanoq uning asosiy istiqbollari yo‘nalishlaridan biriga aylandi, – dedi 23 iyun kuni Afg‘oniston tadbirkorlarining Minsk delegatsiyasiga rahbarlik qilgan prezidentning maxsus vakili Shokri Korgar. – O‘zbekiston biz uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston bizni MDH temir yo‘l tarmog‘i bilan birlashtiradigan yagona davlatdir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Kobul va Mozori Sharif shaharlarini elektr quvvati bilan ta'minlaydi”.

Top