20:03 / 18.07.2015
6591

Video: “Hazrati imom” maydonida Hayit namozi

Hali tong butunlay yorishmagan. Ammo bu yerdagi odamlarni ko‘rib, bular tunni shu yerda o‘tkazganmi, deb o‘ylab qolasan. Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimizga salovotlar aytib, Muftiy hazratlari ma'ruza qildilar: “Butun musulmon olamiga, jumladan, yurtimizga ham Ramazonning fayzi, futuhi, barakasi yoyildi. Masjidlarimiz to‘lib-toshdi. O‘ttiz kun davomida xatmi Qur'onlar qalblarimiz g‘uborlarini yuvdi. Ko‘ngillarimiz ravshan tortdi, ixlosimiz oshdi. Amri ma'ruf, naxyi munkarlar ko‘zimizni ochdi, nafsni yengishni o‘rgandik. Zehnimiz o‘tkirlashdi, tevaragimizga aql va ibrat ko‘zi bilan qaray boshladik. Jahl va g‘azabimizni ichga yutishni, g‘iybat va nojoiz ishlardan tiyilishni odatlandik. Til va ko‘zimizni haromdan asray oladigan bo‘ldik.
Ramazon ro‘zasining mukofoti jannat. Ro‘zadorlar Alloh taoloning marhamati bilan Rayyon nomli eshikdan jannatga kiradilar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) marhamat kiladilar: «Agar kishi Ramazon oyida Alloh taolo roziligi uchun bir nafl ibodat yoki xayrli amalni bajarsa, go‘yo Ramazondan boshqa oyda bir farzni bajargandek bo‘ladi. Kim Ramazonda bir farzni ado etsa, go‘yo Ramazondan boshqa oyda yetmishta farzni ado qilgancha savobga erishadi. Qudsiy hadisda Alloh taolo marhamat qiladi: «Ro‘za men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman». Ramazon ro‘zasidan olgan tarbiyamizning yana biri, inson o‘zi uchun emas, o‘zga uchun ham fidoyilik qilishni o‘rganishi kerak ekan...”
Maydon uzra “Saffon”, “Saffon” degan nido yangraydi. Odamlar namozga saf tortadi. Saf shu qadar uzun... hammasi bir tekis ibodatga shaylanadi. Ikki tomonga salom berilgach, qo‘llar umid va iltijo ila, havoga ko‘tarilib, duolar qilinadi:
“Yo Rabbim, Ramazon sabr oyi, sabrning mukofoti esa jannatdir, sog‘inchdan o‘rtangan qalblarni mukofotingdan darig‘ tutma!
Yo Rabbim, Ramazon toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyi, gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos va e'tiqod ila qilingan duolar mustajob bo‘lib, qalblar taskin topajak oy, kelgusi Ramazonlarga pokiza va taskin qalb ila yetkaz...”
Duoyi xayrdan so‘ng hamma bir-biri bilan quchoq ochib ko‘rishadi. Shu lahzalarda odamning bir-biriga begonasi yo‘qday... Qani endi hamma vaqt shunday bo‘lsa?! Dunyoda urushlar, nizolar, qirg‘inbarotlar, adovatu ginalar... xullasi, qalblarni g‘amga to‘ldirguvchi yomon ishlar bo‘lmasmidi?!
Dunyoni tinch, osoyishta tutib turgan, xalqlarni, insonlarni bir-biriga mehr-muhabbatli qilgan narsa fidoyilik, birodarlik, o‘zini bag‘ishlash – bu ishlar haqiqiy mo‘minlik emasmi?!
Ramazon yer va osmonlar ziynatlanadigan, yuraklarni yumshatib go‘zallashtiradigan, jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitilgan oy. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Agar insonlar Ramazon oyidagi mukofotlar, savoblar, ne'matlar va rahmatlar ko‘pligini bilsalar edi, Uning yil bo‘yi davom etishini xohlagan bo‘lar edilar”. Ramazon oxirlaganida har bir mo‘min-musulmonning bir oz g‘amgin bo‘lib qolishi ham shundan.
Bu yilgi Ramazondan ham hisobsiz marhamat va ajrlarga ega bo‘lib, jismimiz sog‘lom, ruhimiz musaffo, xulqimiz go‘zal bo‘lgan holda chiqyapmiz, inshaallox. Bu yutuq quvonch va sevinchga boisdir, albatta.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hayit kuni saharda Hak taolo farishtalarni yer yuziga tushishga buyuradi. “Ey farishtalar, guvoh bo‘linglar, Ramazon oyida ro‘zasini tutgan va namozini o‘qigan qullarimga sovg‘a va mukofot qilib roziligimni berdim va ularning gunohlarini mag‘firat etdim”. So‘ngra bandalariga xitob qiladi: “Ey qullarim, bugun oxiratingiz uchun nima xohlaysiz, izzat va jalolim haqqi, hammasini beraman... Sizning xato va qusurlaringizni kechiraman. Izzat va jalolimga qasam, men sizni razil va rasvo qilmayman, mahzun ham qoldirmayman”, deydi. Ilohim, shunday bo‘lsin!..
So‘ng so‘z
Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz qutlug‘ bo‘lsin. Xursandchilik kuni ham g‘animat. Uni bayramga yarasha ko‘tarinki bir ruhda o‘tkazaylik. Ota-onalarimizni, opa-singillarimizni, aka-ukalarimizni, do‘stu birodarlarimiz ziyoratiga oshiqylik. Bemorlarni yo‘qlab, ko‘ngillarini olaylik, dardlarini aritaylik. Alloh taolo marhamat qiladi: “(Taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarida infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir” (Oli Imron, 134).
Alvido, Ramazon, qadringga yetdik, yetmadik. Bu ayriliq manzillaridan yana senga eson-omon qaytaylik...

Manba: Muslim.uz

Top