23:00 / 20.07.2015
3691

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazoni sharif munosabati bilan 1,3 milliard so‘mdan ko‘proq xayriya yordami ko‘rsatildi

Muborak Ramazon oyi hamda hayit bayrami munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlar, imom-xatiblar va homiylarni jalb qilgan holda juda ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri masjid imom-xatiblari va faollari ishtirokida, homiylar ko‘magi bilan yigirma to‘rt mingdan ziyod kam ta'minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va yolg‘iz keksalarga 1.004.634.000 (bir milliard to‘rt million olti yuz o‘ttiz to‘rt ming) so‘mlik hamda yuzga yaqin “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga 152.301.000 (bir yuz ellik ikki million uch yuz bir ming) so‘mlik, shuningdek, yetti ming sakkiz yuzdan ziyod mehnat faxriylari, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nuroniy keksalarga 229.376.000 (ikki yuz yigirma to‘qqiz million uch yuz yetmish olti ming) so‘mlik xayriya yordami ko‘rsatildi. Tizimda amalga oshirilgan jami xayriyalar miqdori 1.386.312.000 (bir milliard uch yuz sakson olti million uch yuz o‘n ikki ming) so‘mdan ziyodni tashkil etdi.
Darhaqiqat, Ramazon oyi ezgulik, saxovat va muruvvat oyidir. Bu oyda yaxshilikka, saxovatga, ezgulikka chaqirgan odamlar ham ulkan savobga erishadilar. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilikka dalolat qiluvchi, yaxshilik qiluvchiga o‘xshashdir”, deb bejizga aytmaganlar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi / Muslim.uz portali.

Top