08:15 / 21.07.2015
2372

FIFAning sobiq vitse-prezidenti ozodlikka chiqishi uchun garov evaziga rafiqasining uzugi ham berilgan

16 iyul kuni Shveytsariya huquq-tartibot muassasalari tomonidan AQShga ekstraditsiya qilingan FIFAning sobiq vitse-prezidenti Jyeffri Uebb 19 iyul kuni 10 mln dollar miqdoridagi garov evaziga ozodlikka chiqarilgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, uning ozodlikka chiqarilishini ta'minlash uchun 11ta qimmatbaho qo‘l soatlari, sobiq futbol amaldorining rafiqasi Kendru Gembl-Uebb nomiga rasmiylashtirilgan Ferrari va Range Rover avtomobillari, Uebbning o‘ziga tegishli Mercedes-Benz avtomobili, Uebb xonimning brilliant ko‘zli uzugi, uning brilliant bilaguzugi va boshqa taqinchoqlari, shuningdek, ko‘chmas mulklarning 10ta hujjati hamda Uebb xonimning hisob raqamidagi 400 ming dollarga yaqin pul sarflangan.

Eslatib o‘tamiz, 27 may kuni FIFA tizimidagi poraxo‘rlik va pul yuvish bilan jinoyatlarni fosh qilish ishlari boshlangach, birinchilardan bo‘lib FIFA vitse-prezidenti, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi (KONKAKAF) konfederatsiyasi rahbari Jyeffri Uebb hibsga olingandi. U Nyu-Yorkdagi sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan.

Garov evaziga ozod qilingan Uebb Bruklin federal sudidan 32 km masofadagi hududdan tashqariga chiqishi kerak emas. Uning harakatlanishi ortidan maxsus elektron qurilma kuzatadi.

Top