18:35 / 21.07.2015
2587

YeI delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Oliy Majlisning Qonunchilik Palatasi va Senatida, vazirlik va idoralarda, inson huquqlari milliy markazida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Qonunchilik Palatasi spikeri N. Ismoilov bilan uchrashuvda mamlakat YeI bilan har tomonlama aloqalarni muntazam va uzluksiz ravishda rivojlantirib borayotgani, iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy sohalardagi hamkorlikning istiqbollari balandligi alohida ta'kidlab o‘tildi.
Parlamentlararo hamkorlik ikki tomonlama aloqalarning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblanmoqda. Bu yo‘nalishni yanada rivojlantirish maqsadida “O‘zbekiston-YeI” parlament hamkorligi qo‘mitasi tashkil etildi.
Shuningdek, YeI O‘zbekiston bilan siyosiy dialogni mustahkamlash masalasiga jiddiy e'tibor berayotgani ta'kidlandi. Xususan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, u yerda qayta tiklash ishlarini olib borishda O‘zbekistonning o‘rni beqiyosdir.
“O‘zbekiston” axborot agentligining xabar berishicha, inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishga ustuvor va eng istiqbolli yo‘nalish sifatida qaralayotgani alohida qayd qilib o‘tildi. Bu sohani rivojlantirish uchun bir qator xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, YeI bilan ham keng miqyosli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Top