17:33 / 21.07.2015
2170

O‘zbekistonlik tennischilar Devis Kubogining pley-off bosqichida AQSh terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi

Tennis bo‘yicha norasmiy jahon chempionati hisoblangan Devis Kubogining pley-off bosqichiga qur'a tashlandi, deb xabar bermoqda Olamsport. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi liganing jahon guruhiga chiqishi uchun AQSh bilan kurash olib boradigan bo‘ldi.

O‘zbekiston – AQSh terma jamoalari uchrashuvi 18-20 sentabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Tez orada O‘zbekiston tennis federatsiyasi ushbu uchrashuvning qaysi shaharda o‘tkazilishini rasman e'lon qiladi. Katta ehtimol bilan uchrashuv Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Ma'lumot uchun, bu urinish O‘zbekiston terma jamoasi uchun jahonning eng kuchli 16 terma jamoasi safiga kirish uchun o‘ninchi urinish bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Petr Lebed bosh murabbiyligidagi o‘zbekistonlik tennischilar 17-19 iyul kunlari Toshkentda Janubiy Koreya terma jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etib, pley-off bosqichiga yo‘llanma olgan edi.

O‘zbekiston terma jamoasi Devis Kubogi reytingida 27 o‘rinda qayd etilgan.

 
Top