15:09 / 22.07.2015
3578

"Barselona" va "Los-Anjyeles Geleksi" uchrashuvi AQShda tomoshabin ko‘p kelishi bo‘yicha rekord o‘rnatdi

22 iyul kuni "Xalqaro chempionlar" kubogi turniri doirasida o‘tkazilgan "Los-Anjyeles Geleksi" va "Barselona" jamoalari uchrashuvini ko‘rish uchun 92 ming 226 muxlis tashrif buyurdi.

Associated Press nashrining ma'lum qilishicha, bu AQSh Professional futbol ligasidagi klub ishtirok etgan uchrashuvga tashrif buyurgan muxlislar soni bo‘yicha rekord natija hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, Kaliforniya shtatidagi Pasaden shahrida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv kataloniyaliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Qayd etish joizki, "Barselona" AQSh safariga o‘zining asosiy futbolchilari bo‘lmish Messi, Neymar, Maskerano, Dani Alves va Klaudio Bravoni olib kelmagan. Bu futbolchilarga o‘tgan oyda o‘tkazilgan Kopa Amerika turniridagi ishtiroki tufayli dam berilgan.

"Los-Anjyeles Geleksi" bilan o‘yin "Barselona"ning AQSh safaridagi ilk o‘yini bo‘ldi. Jamoa 25 iyul kuni "Manchester Yunayted", 29 iyul kuni "Chelsi" va 2 avgust kuni "PSJ" jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi.

"Barselona"ning La-liga yangi mavsumidagi o‘yini 23 avgust kuni "Atletik"ka qarshi o‘tkaziladi.

Top