07:56 / 23.07.2015
11662

“O‘zbeknavo” qanday qilib 40 foiz fonogrammaga ruxsat bermoqda?

Jurnalist Lola Islomova “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandalarga qo‘shiqlarni 40 foiz fonogrammada ijro etishga qanday qilib ruxsat berayotgani haqidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“O‘zimni taniganimdan beri kiyib yuradigan kiyimlarim uchun tanbeh eshitganman. Shim va kalta ko‘ylak kiyib yurishimga hamma amma-xolalarim qarshi chiqishardi. Ularning fikricha, mening bunday erkin tarzda yurishim mentalitetga, umumqabul qilingan axloq normalariga to‘g‘ri kelmasdi va albatta meni ma'naviy tubanlikka olib kelishi muqarrar edi.
Biroq onam va buvim mening kiyinish uslubimni doim yoqlab chiqishardi.

“O‘zbeknavo”ning juda ochiq kiyinish uslubiga ega bo‘lgan xonanda ayollar litsenziyasining to‘xtatilishi haqidagi qarori bo‘yicha bahs-munozaraga kirishishni istamayman.

Ushbu tashkilot mentalitetga xos bo‘lgan tashqi ko‘rinish uchun kurashgan bir paytda xonandalarning ochiqchasiga noprofessionalligiga ko‘z yumib kelmoqda. Kontsertlarda keng ravishda fonogrammalardan foydalanishga ruxsat berilgan, faqatgina e'lonlarda kichik o‘lchamdagi harflarda yoki reklama roligida tez aytib o‘tish orqali bu haqda ogohlantirish berib o‘tilsa “kifoya qiladi” va 18 kunlik konsertlarni bemalol beraverish mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, “xalq hazm qilib yuboradi”.

Mening aqli-farosatimcha, sahnada turib fonogrammaga og‘izni ochib turish hammaning oldida burun qoqish yoki so‘kinishdek xunuk ishdek ko‘rinadi. Nima uchun mentalitetga to‘g‘ri kelish uchun kurashuvchilar konsertda bo‘lsin, turli tantanalarda bo‘lsin sahnada ochiqchasiga xo‘jako‘rsinlik qilayotganlarni jazolamaydilar?

“O‘zbeknavo”ning yangi qoidalariga ko‘ra, litsenziya komissiya oldida jonli ijroda kuylay olgan va kelgusida kamida 60 foiz qo‘shiqlarni jonli ijro etuvchi xonandalarga beriladi.

“O‘zbeknavo” noprofessionallikka ko‘z yumib va shu bilan birga kiyimning tashqi ko‘rinishiga talablarga rioya qilinishiga qat'iy turib olib, ushbu xo‘jako‘rsinlikning 40 foiziga “olijanoblik” bilan ruxsat bergani juda g‘alati tuyulmoqda.
Ehtimol, kimgadir ochiqcha ko‘ringan ko‘ylakni taqiqlash musiqa biznesida tartib va ochiq-oydinlikni o‘rnatishdan yengilroq bo‘lsa kerak”, deb o‘z so‘zlarini kinoyali tarzda tugatadi muallif.

Top