20:31 / 23.07.2015
14023

Hosila Rahimovaning Jizzaxdagi konsertiga chiptalar zo‘rlik bilan sotilgani ma'lum qilindi

23 iyul kuni Jizzax shahrida qurilgan yangi "So‘g‘diyona" o‘yingohida Hosila Rahimovaning "Qo‘lda sozim do‘mbira" nomli konserti tashkillashtirildi.

Bu konsertdan oldinroq, jizzaxliklar Sayyod.com nashriga murojaat qilishib, konsert uchun chiptalar hokimiyat vakili, mahalla raisi va uchastka noziridan iborat guruh tomonidan tadbirkorlarga majburiy ravishda sotilganini ma'lum qilishgan.

Ulardan biri majburan sotib olgani chipta suratini ham yuborgan. Ma'lum bo‘lishicha, chiptaga 30 ming so‘m narx belgilangan, olishni istamaganlarga esa yarim narxiga ham berilgan.

Shikoyat qiluvchilardan biri bu chipta o‘rniga 2 kilogramm go‘sht sotib olib, 2 hafta davomida bolalarini to‘ydirgani ma'qulligini bildirgan.

Sayyod.com masalaga oydinlik kiritish maqsadida Hosila Rahimovaning matbuot kotibi Yodgor Yuksal bilan bog‘lanadi.
“Hosila Rahimova mazkur konsertda gonorar oladigan xonanda bo‘lsa, borib turib hammaga chipta o‘tkazib yurmaydiku? Chiptalarni o‘tkazish va sotish majburiyati va javobgarligini ham olmagan. Bu narsalarga aralashmaydi ham. Kontsert tashkilotchilari xonandaga konsertni o‘tkazish yuzasidan qo‘ng‘iroq qilib, tashabbus bilan chiqishgan va gonorarni kelishgan holda u rozi bo‘lgan. Bu masalalar yuzasidan konsert tashkilotchilariga murojaat etishlari mumkin. Kontsertga tushish yoki tushmaslikka hech kim majburlay olmaydi, "uchastkovyy" bilan keladimi yoki boshqasi bilanmi, xohlasa kiradi va xohlamasa yo‘q”, deydi kotib.

Shuningdek, xonandaning o‘zi ham bu vaziyatga o‘z munosabatini bildirgan.

“Xohlasangiz oling chiptani, xohlamasangiz yo‘q, meni bu borada aybdor qilishlari noto‘g‘ri, to‘g‘ri tushunishsin, men to‘yga borib, xizmat qilganimdek, bu konsertda ham xuddi shunday bo‘ladi. Mening ijroimda yoki konsertdagi chiqishim davomida muammo bo‘lsagina, men javob bergan bo‘lardim. Yoki sen kirasan, deb o‘zim chiptalarni majburlab o‘tkazganimda, mendan xafa bo‘lishsa, buni tushunish mumkin edi”, deydi xonanda.

Top