16:06 / 23.07.2015
6319

"Keksalarni e'zozlash yili"ga bag‘ishlangan "Barakasini bersin" filmi suratga olinmoqda

"Keksalarni e'zozlash yili" Davlat dasturida o‘zbek xalqining keksalarni e'zozlash bo‘yicha ko‘p asrlik qadriyatlari va an'analarini aks ettiradigan to‘liq metrajli badiiy film yaratish, shu bilan birga,  mazkur xayrli ishni davom ettirgan holda har yili bosh qahramonlari keksalar bo‘lgan kamida bitta badiiy film ishlab chiqarish vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifalarni bajarish maqsadida "O‘zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasiga muvofiq "San'at-ma'no" kinostudiyasida tasvirga olinayotgan komediya janridagi "Barakasini bersin" badiiy filmini ishlab chiqarish jarayoni yakuniy bosqichga kirdi.

Farhod Xudoyberdiyev rejissyorlik qilayotgan mazkur filmda o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan halollik, bag‘rikenglik, keksalarni hurmat va izzat qilish, ardoqlash, ularning boy hayotiy tajribalari asosidagi nasihatlariga quloq tutish, duoi fotihalarini olish kabi ezgu fazilatlar hamda tarixiy qadriyatlarimiz haqida hikoya qilinadi.

Kartina bosh qahramonlari – Haydar buva bilan Shomirza kunlarning birida bozorda echki sotadi. Kutilmaganda echki yana Shomirzanikiga qaytib keladi. Aksiga olib, qahramonlar echkini xarid qilgan odamning ismini ham, qaysi qishloqda yashashini ham so‘ramagan.

Nima qilib bo‘lsa-da o‘zganing omonatini o‘ziga qaytarish kerak – ular o‘ylay-o‘ylay qochoq echkining yangi egasini topish niyatida yo‘lga chiqadi. Bu jarayonda ikki qariya qiziq hangomalarni, kutilmagan voqealarni boshdan kechiradi...

Filmda Erkin Komilov, Farhod Abdullayev, Tolib Mo‘minov, Rajab Adashev, Mamasoli Yusupov, Jamila G‘ofurova, Ilmira Rahimjonova kabi taniqli va yosh aktyor-aktrisalar suratga tushdi. Hozirgi vaqtda filmning montaj ishlari yakuniga yetib, ovozlashtirish jarayoni davom etmoqda. Kartina taqdimoti 2015 yilning kuz faslida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

 

Top