15:48 / 23.07.2015
4090

O‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Jahongir Vohidov jahon chempioni bo‘lishni istaydi

"Samarkandskiy vestnik" nashri xodimi o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Jahongir Vohidov bilan suhbat uyushtirdi.

Samarqand shahrida shaxmatchilar oilasida tug‘ilgan Jahongir Vohidov savollarga javob berish davomida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lishni niyat qilgani haqida aytib bergan.

"Shaxmat aql va tafakkurni charxlaydi", deydi Markaziy Osiyoda eng yosh xalqaro groysmeyster bo‘lgan Jahongir Vohidov.

U o‘zida shaxmatga bo‘lgan muhabbat otasi Tohir Vohidov va bobosi Abduvohid ota tomonidan uyg‘otilgani, ular mag‘lubiyatdan xafa bo‘lmaslik, hech qachon taslim bo‘lmaslik va qaytadan g‘alabalar sari intilishga o‘rgatishgani haqida aytadi.

Ayni vaqtda Jahongir Vohidov Samarqand davlat universitetining a'lochi talabalaridan biri hisoblanadi. U 19 yoshida, 2011 yilda Malayziyadagi xalqaro turnirda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

"Omad birdaniga kelmaydi. Buning uchun tinimsiz ravishda mashg‘ulot o‘tkazish va o‘z ustingda ishlashing kerak bo‘ladi", deya ta'kidlaydi shaxmatchi.

Jahongir Vohidov Jyersi orolida o‘tkaziladigan The Polar Capita shaxmat festivalining eng nomdor shaxmatchisi hisoblanadi. U bir necha yillardan buyon o‘z toifasida ko‘plab yutuqlarga erishgan. Ayni vaqtda Jahongir Vohidov avgust oyida BAAda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga tayyorlanmoqda. Agar u bu turnirda g‘alaba qozonsa, shu yilning sentabrida Ozarboyjonda o‘tkaziladigan Jahon Kubogida ishtirok etish uchun yo‘llanma oladi. U bu turnirda qatnashib, chempion bo‘lish istagini bildirgan.

"Dunyoda shaxmatchilar klubini tashkil etish an'anasi mavjud. Yaqinda shunday klub Toshkentda tashkil qilingandi. Samarqandda ham shunday klub bo‘lishini istayman. Bu shaxmatchilarning tajribasini oshirishga va xalqaro o‘yinlarda yutuqlarga erishishga zamin bo‘ladi", deydi Jahongir Vohidov.

Top