01:31 / 23.07.2015
3230

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning so‘ngi guruhi umra safaridan qaytib keldi

Joriy yilning 20 iyul, dushanba kuni kechki soat 19.00 da umra ziyoratini ado etish uchun jo‘nab ketgan yurtdoshlarimiz eson – omon ona Vatanga yetib keldilar.

Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining mutasaddi xodimlari kutib olishdi. Ziyoratchilarimiz 10 kun davomida Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida bo‘lib, umra amallarini bajarish bilan birga u yerdagi muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, yurtdoshlarimizga hamkorimiz “al-Hidoya” shirkati tomonidan Makkai mukarramada “Sofvat al-Miad” va Madinai munavvarada “Fayruziyat al-Xayr” mehmonxonalarida yuqori saviyada xizmat ko‘rsatildi.

Shuningdek, ziyoratchilarimizga safar mobaynida tajribali ishchi guruhi hamroh bo‘ldi. Hamyurtlarimiz safar davomida doimiy malakali shifokorlar nazoratida bo‘lishdi. Hamda ularga o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan shirin saharliklar va mazali iftorliklar tayyorlab berildi.

Oxirgi reys kelishi bilan “Umra-2015” Ramazon mavsumi nihoyasiga yetdi. Bu mavsumda Respublikamizdan jami 670 nafar fuqaro umra ziyoratini ado etdi. Bundan 2 nafari ishchi guruhi, 2 ta oshpaz, 3 ta shifokor, 13 ta ellikboshi va 650 nafari ziyoratchidan iborat.

Jonajon vatani, oila a'zolari bag‘riga eson-omon qaytgan yurtdoshlarimiz yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlardan mamnun bo‘lib, ko‘zlarida sevinch, shukronalik yoshi ila Yurtboshimiz, hukumat rahbarlari hamda “Umra-2015” ishchi guruhi a'zolari haqqiga ezgu duolar qilishdi.

Manba: Muslim.uz

Top