10:51 / 23.07.2015
3533

Terrafugia firmasi vertikal tarzda havoga ko‘tariluvchi avtomobil dizaynini o‘zgartirdi

AQShning Terrafugia kompaniyasi vertikal tarzda havoga ko‘tarilish imkoniyatiga ega TF-X uchuvchi mashinasining yangi dizaynini namoyish etdi. Bu mashinani yaratish ustida 2013 yildan beri ish olib borilmoqda. Kompaniya vakillarining aytishicha, bu avtomobilning 1:10 nisbatda bajarilgan maketi aerodinamik quvurdan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi.

Terrafugia firmasining ilk uchar avtomobili Transition 2010 yilda sertifikatlashdan o‘tgan va AQShda yengil sport samolyotlari sinfiga kiritilgan. Bunday samolyotlarni boshqarish uchun maxsus kurslarda saboq olish va 20 soat mustaqil ravishda parvoz qilish kerak bo‘ladi. Mashina havoda 787 km ni soatiga 185 km/soat tezlik bilan uchib o‘ta olishi mumkin.

Terrafugia TF-X modeli to‘rtta o‘rindiq, yig‘iluvchi qanotlar va havoga ko‘tarilish, qo‘nish va samolyotning belgilangan joygacha parvoz qilishi uchun javob beruvchi avtopilot tizimi bilan jihozlanadi. Avtopilot tizimi ob-havo sharoitlari, fuqarolik aviatsiyasi parvozi uchun yopiq hududlarni tahlil qilib, yo‘nalishni o‘zi belgilay oladi.

TF-X qanotlari yig‘ilganda umumiy foydalanish yo‘llarida harakatlana oladigan oddiy avtomobilga aylanadi. Parvoz paytida uchuvchi boshqaruvni o‘ziga olishi mumkin, biroq elektronika uchuvchining kompyuterning so‘rovlariga javob bermayotganini aniqlasa, unda avtomatik qo‘nish tizimini ishga tushiradi. Mashina, shuningdek, favqulodda vaziyatda xavfsiz qo‘nish uchun parashyutlar tizimi bilan ta'minlanadi.

Top