19:22 / 24.07.2015
3006

Andijon viloyatidagi oromgohda FVB tashabbusi bilan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi o‘tkazildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari mutaxassislari tomonidan yoz mavsumida bolalar vaqtini sermazmun o‘tkazish hamda favqulodda vaziyatlarga oid bilim ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida joylarda bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Xususan, joriy yilning 15 iyul kunida Andijon viloyati Buloqboshi tumani “Shifokor” Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bolalar o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqa Andijon viloyat FVB tashabbusi bilan Buloqboshi tuman tibbiyot birlashmasi, Madaniyat va sport ishlari bo‘limi mutaxassislari, oromgoh rahbariyati va tarbiyachilari hamkorligida tashkil etildi.

Musobaqada 3 ta guruh, “Xaloskor”, “Tezkor” va “Fidokor” jamoalari o‘zaro bellashdi. Ushbu guruhlarga oromgohning 30 nafar dam oluvchi bolalari jalb etildi.

Musobaqada “Fidokor” guruhi g‘olib deb topildi va barcha ishtirokchilarga maqtov yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Musobaqa o‘tkazish davomida dam oluvchi bolalarga, oromgoh rahbar va xodimlariga yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, ota-onalar tomonidan keltirilgan, tez ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlarini oromgoh hududiga kiritmaslik choralarini ko‘rish, sun'iy suv havzasida cho‘milishda suzish murabbiysi tomonidan bolalar xavfsizligini ta'minlash, cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish, tog‘ yon bag‘irlariga sayohatni cheklash, oromgoh tadbirlarini salqin paytlarda o‘tkazish, hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tayyorlashda sanitariya-gigiena talablariga qat'iy rioya etish bo‘yicha viloyat FVB mutaxassislari tomonidan tegishli tushuncha va ko‘rsatmalar berildi.

Top