18:52 / 24.07.2015
5225

Toshkentda 4 nafar do‘st o‘rtasida “kalamush” tufayli kelib chiqqan mojaroda ulardan biri shikastlandi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar do‘st o‘rtasida arzimagan sabab bilan janjal kelib chiqdi. Buning natijasida ulardan biri og‘ir jarohatlar olib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Bu haqda tuman IIB tergov bo‘limi xabar bermoqda.
Tolib Turobov, Doston Aliyev, Diyor Mahmudov va Armen Aganesyanlar uzoq yillar do‘st bo‘lib kelishgan. Bu yigitlar kechalari bilan “ko‘cha sang‘ib”, bezorilik qilib yurishgani aytilmoqda.
Bir kuni Aganesyanning telefoni va pullari yo‘qolgan. Buni Turobovdan ko‘rgan Aganesyan boshqa do‘stlari bilan uning uyiga borgan va ko‘chaga chaqirgan.
Ko‘chada o‘zaro muloqot chog‘ida Aganesyan Turobovni haqorat qilib, uni “kalamush”likda ayblagan. Bundan jahli chiqqan Turobov do‘stiga musht ko‘targan. Ammo undan kuchliroq bo‘lgan Aganesyan uni yerga yotqizib, tepkilay boshlagan. Mahmudov va Aliyevlar ham Aganesyanga qo‘shilgan. Tepkilar zarbidan Turobov xushidan ketib qolgan.
Kechki soat 23:00da Turobovning onasi o‘g‘lidan xavotir bo‘lib, tashqariga chiqqan va uning yerda xushsiz yotganini ko‘rgan. Ayol darhol 102ga qo‘ng‘iroq qilgan.
Bezorilar qo‘lga olinib, jazoga tortildi, Turobov esa og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi.

Top