15:58 / 24.07.2015
2820

Turkiya shaharlarida keng miqyosli aksilterror operatsiyalar o‘tkazilmoqda

24 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida terrorchi tashkilotlarga a'zoligi gumon qilinganlarni hibsga olish bo‘yicha maxsus aksilterror operatsiya boshladi. Ushbu amaliyotlarga Turkiya politsiyasi va maxsus xizmatlar vakillarining 5 ming nafarga yaqin xodimi jalb qilingan.

CNN TURK telekanalida xabar berilishicha, hukumat vakillari shahardagi 24 tumandagi 140ta nuqtani tekshiruvdan o‘tkazishgan. Joylardan birida otishma yuz berib, shubhali shaxslardan biri otib o‘ldirilgan.

Tadbir davomida "IShID" va kurdlarning bir qancha ekstremistik guruhlariga a'zoligi gumon qilinadigan shaxslar qo‘lga olinmoqda.

Shuningdek, politsiya xodimlari Kurdiston milliy ozodlik inqilobiy fronti partiyasi vakillarini ham hibsga olmoqda. Bu partiya 2013 yilda AQShning Anqaradagi elchixonasida portlash sodir etgan, shu yilning bahorida ham Istanbul prokurori hayotiga suiqasd uyushtirgandi.

Ushbu amaliyotga vertolyotlar va tez tibbiy yordam xodimlari ham jalb etilgan.

Bundan tashqari, Turkiyaning Izmir va Bursa shaharlarida "IShID" va Kurdiston ishchilar partiyasiga a'zoligi shubha ostiga olingan 14 kishi qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Kilas viloyatida Suriya hududidan otilgan o‘q tufayli turk askari halok bo‘ldi.
Bunga javoban Turkiya hukumati 24 iyul kuni "IShID"ning Suriyadagi bazalariga yerdan va havodan zarba berishni boshladi.

Top