16:24 / 24.07.2015
3413

Xitoylik jarroh o‘zining aortasi yorilgan holida jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi

Xitoyning Tszyansu viloyati, Tszintszyan shahridagi shifoxonada kichik shov-shuvga sabab bo‘lgan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shifoxona jarrohi o‘z aortasi yorilib ketganiga qaramasdan, o‘zi olib borayotgan operatsiyani yakuniga yetkazgan. Bu haqda "Jyenmin jibao" nashrida yozilgan.

Xabarda yozilishicha, bu "qahramonona ish"ni 49 yoshli kardiolog-jarroh Xu Fanbin amalga oshirgan. U miokardni boshidan o‘tkazgan keksa bemorni operatsiya qilish chog‘ida o‘zining ko‘kragida kuchli og‘riqni his qilgan. Biroq operatsiyaning eng muhim qismida uni to‘xtatish bemor hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini hisobga olgan jarroh chidashga qaror qilgan.

Unga yordamchilari shoshilinch ravishda ikkita morfin ukolini yuborishgan. Shundan so‘ng u ishini davom ettirgan. Fanbin bemorga so‘nggi chokni tushirganidan keyingina o‘zini ko‘rib qo‘yishlarini so‘ragan.

Unga «yurak aortasi anevrizmi» tashxisi qo‘yildi va 12 soat davomida operatsiya qilindi. Ayni paytda Xu Fanbinning hayoti xavfdan xoli.
Ma'lumot uchun, aorta - inson tanasidagi eng katta tomir hisoblanadi. Uning yorilishi tezkor ravishda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni talab etadi yo‘qsa bu tufayli 90 foiz holatda o‘lim sodir bo‘ladi.

Top