00:15 / 25.07.2015
9990

Selfi epidemiyasi masjid va cherkovlarga ham kirdi

Internet foydalanuvchilari orasida selfi degan narsa yanada ko‘p tarafdorlarga ega bo‘lib bormoqda. O‘zini o‘zi suratga tushirish shu darajada modaga aylandiki, odamlar hatto masjid va cherkovlarda ham bu ishni amalga oshirmoqda, deb xabar qiladi RT.

Ma'lum bo‘lishicha, juda ko‘p musulmonlar masjidlarda ham selfi-o‘zini o‘zi suratga tushirish kasaliga uchragan ekan. Arab News va BuzzFeed, Huffington Post va BBC News kabi yangiliklar portallari va deyarli OAVlarining barchasi Haj ibodati vaqtida ba'zi hojilar selfi qilayotganini, boshqa hojilar esa bundan g‘azablanayotgani haqidagi xabarlarni berib bordilar. Islom maqtanish va o‘zini o‘zi maqtash mumkin emasligini aytadi. Selfi o‘ziga-o‘zi mahliyo bo‘lib, o‘zini boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish kasali bo‘lmasdan yana nima bo‘lsin?


Muqaddas joylarda avtoportret qilish bilan shug‘ullanuvchilar faqat musulmonlar emas. Buyuk Britaniyada yangi uylanganlar cherkovdagi nikoh ahdi marosimidan so‘ng tushgan rasmlari bilan “2014 yilning eng zo‘r selfisi” tanlovining g‘oliblari bo‘lishdi. Bibliyada: «Shuni bilginki, oxirgi kunlarda og‘ir vaqtlar keladi. U paytda odamlar nafs bandasi, pulparast, maqtanchoq, kibrli, kofir, ota-onaga itoatsiz, nonko‘r, xudobexabar, shafqatsiz, murosasiz, g‘iybatchi, nafsini tiya olmaydigan, insoniylik va yaxshilik dushmani, xoin, bemulohaza, mag‘rur bo‘ladilar. Xudodan ko‘ra aysh-ishratni ko‘proq sevadilar. O‘zlarini xudojo‘y ko‘rsatib, ilohiy qudratni esa inkor etadilar. Bunday odamlardan uzoqlash», deb yozilgan (Timofeyga ikkinchi maktub, 3:1-5).


Buddaviylar esa, selfiga o‘z an'analariga ko‘ra, xotirjamlik bilan yondashadilar. Amerikadagi Myosendzi ibodatxonalarida o‘zini o‘zi suratga tushirish mumkin, biroq suratni nashr qilayotganda surat xeshtegida ibodatxona nomini ko‘rsatish shart ekan. Bunday amaliyot buddaviylarning anatman – o‘zligini, shaxsni inkor qilish ta'limotiga ziddir. Mazkur ta'limot buddaviylikning ajralmas qismi emasmi, axir! Selfi qay tarzda bu konsepsiyaga mos kelishi mumkin ekan-a?
Shunday qilib, musulmonlar avtoportret ishqibozligida yakka emas ekan. Barcha diniy konfessiya vakillari orasida o‘ziga-o‘zi mahliyo bo‘lib, o‘zini boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish kasalligi tarqalgan ekan. Holbuki, bu narsani hech bir din qo‘llab-quvvatlamaydi. Muqaddas joylarda va ibodat chog‘larida olingan selfi suratlarning ko‘pligi dunyo o‘z ma'naviyatini yo‘qotib borayotganidan darak bo‘lsa kerak.

Internet ma'lumotlari asosida
Abu Muslim tayyorladi / info.islom.uz

Top