23:49 / 25.07.2015
13184

Solijon Sharipov Toshkentga tashrif buyurdi

Mashhur qirg‘izistonlik fazogir, asli o‘zbek Solijon Sharipov Toshkentga tashrif buyurdi. U bilan Cafe Scientifique loyihasi doirasida suhbat uyushtirildi.
Uchuvchi va muhandis, fazogir, Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat mukofotlari sovrindori, aviatsiya polkovnigi Solijon Sharipov Toshkentga BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida safar uyushtirdi.

U Anticafe O2da to‘planganlarga o‘z hayoti va faoliyati haqida gapirib berdi. Fazogir bo‘lishga unga buyuk orzu va O‘zgan shahar kutubxonasi yordam berdi. Ushbu kutubxonada 60 mingta kitob bor edi. Bo‘lajak fazogir u yerdagi texnik adabiyotlar bilan batafsil tanishib chiqib, o‘zining kelajagi haqida muayyan xulosaga keldi.

Sharipovning aytishicha, u uy vazifalarini asosan tanaffus paytida maktabning o‘zida bajargan. Uyda xo‘jalik yumushlari ko‘pligidan bunga ulgurmagan. Aniq fanlar bo‘yicha berilgan vazifalarni u juda osonlik bilan hal qila olgan.

Turli savollarga javob berarkan, Solijon Sharipov “Soyuz”ning eng ishonchi fazo kemasi ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Shu bois fazo turistlari aynan uni tanlaydi.
Omadli start berilgan taqdirda kema 520 sekund ichida 28 ming km/soat tezlikka erishadi. Orbitaga chiqib olgach, kema vaznsizlik holatiga tushadi.
Sharipov so‘zlarini Feruz Vohidovning so‘zlari bilan yakunladi: “Har bir inson o‘z sohasining professoriga aylanishi kerak”.

Manba: Gazeta.uz

Top