00:47 / 26.07.2015
5110

Turkiya kurdlari Anqara bilan tinchlik haqidagi shartnomani bekor qildi

Turkiyada man qilingan Kurdiston ishchi partyasi (KIP) Anqara bilan ilgari erishilgan tinchlik sulhini “o‘z mazmunini yo‘qotgan hujjat” deb e'lon qildi. Bu partiyaning Iroq shimolidagi qarorgohlariga uyushtirilganidan so‘ng berilgan bayonotda ta'kidlab o‘tildi, deb xabar beradi Reuters agentligi.
“Ushbu kelishuv Turkiya hukumatining hujumlaridan so‘ng o‘z mazmunini yo‘qotdi”, – deyiladi bayonotda.
Turkiya harbiy havo kuchlari samolyotlari 25 iyul kuni Kurdiston ishchi partiyasi harbiy qanotining Iroq shimolida joylashgan qarorgohlariga aviazarbalar berdi. O‘sha kuniyoq Turkiya rasmiylari F-16 samolyotlari Suriyadagi IShID qarorgohini o‘qqa tutganini ma'lum qildi.
Anqara IShIDga qarshi harbiy amaliyotlarni 24 iyul kuni boshlab yubordi. Ammo ushbu aviazarbalar nafaqat IShID jangarilarini, balki ularga qarshilik ko‘rsatayotgan kurd ko‘ngillilarini ham nishonga oldi.
Bundan ilgariroq Turkiya hududida keng miqyosli aksilterrorchilik amaliyoti o‘tkazilib, uning doirasida 250 kishi qo‘lga olindi. Mingdan ortiqa politsiya xodimi ishtirokidagi reydlar mamlakatning 13 viloyatida o‘tkazildi. Buning natijasida mamlakat hududida, ayniqsa kurdlar ko‘p miqdorda yashaydigan janubi-sharqiy hududlarda namoyishlar va tartibsizliklar avj oldi. KIP tarafdorlari bilan to‘qnashuvlarda ikki politsiyachi halok bo‘ldi. Tashkilot rasmiylari buni “terakt uchun qasos” deb hisoblashini ma'lum qildi.

Top