09:53 / 28.07.2015
2149

O‘zbekistonlik taekvondochilar Koreya ochiq chempionatida jami 45ta medalga sazovor bo‘lishdi

Janubiy Koreyada Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan Taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Koreya ochiq chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 19ta oltin, 16ta kumush va 10ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Dunyoning 72 davlatidan kelgan 2236 nafar sportchi ishtirokida bo‘lib o‘tgan Koreya ochiq chempionati kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilib, kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaldi.

Mazkur musobaqada uch nafar o‘zbekistonlik sportchi – bular amaldagi jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori Dmitriy Shokin (+87 kg), Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori Jasur Boyqo‘ziyev (-87 kg) va Mustafo Valiyev (-58 kg) barcha raqiblarini mag‘lub etib oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lishsa, yana bir tajribali sportchi Nikita Rafalovich vazni 80 kg.gacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida yarim finalga qadar yetib keldi va bronza medali bilan taqdirlandi.

Yoshlar, o‘smirlar va pumse yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda esa O‘zbekiston vakillari 16ta oltin, 16ta kumush va 9ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Shu tariqa, Taekvondo vatanida o‘tkazilgan navbatdagi yirik musobaqada O‘zbekiston taekvondo ustalari jami 45 ta medalga sazovor bo‘lishdi.

G‘oliblar 28 iyul kuni soat 19:00da O‘zbekistonga qaytib keladi.

Top