21:10 / 29.07.2015
9470

Qo‘shiqchilar O‘zbekistondagi konsertlarda “minusovka” "fonogramma" sifatida baholanishidan norozilik bildirishmoqda

Munisa Rizayevaning yangi konserti reklama banneridagi yozuv borasidagi bahs yoxud nima uchun Sergey Lazarev Toshkentda janjal ko‘tardi

Hozirda Toshkent bo‘ylab Munisa Rizayevaning 19-21 oktabr kunlari “Istiqlol” san'at saroyida bo‘lib o‘tadigan konserti reklama bannerlari osib tashlangan.

Sayyod.com’ning ma'lum qilishicha, bannerdagi “Fonogrammadan foydalaniladi” yozuvi muxlislar orasida bahslarga sabab bo‘lmoqda. Xonandaning o‘zi ushbu konsert jonli bo‘lishi va faqatgina musiqa fonogrammada, ya'ni “minusovka”da ijro etilishini ma'lum qildi.

“Afsuski, konsertda ozgina bo‘lsa ham fonogramma ishlatilsa ham, bannerda bu jonli ijro deb yozishga ruxsat berilmaydi. Kontsertning bannerida fonogrammadan foydalanish haqida yozuv mavjud. Men o‘z ovozimga ishonaman va jonli kuylashimni ma'lum qilaman. Mening qo‘shiqlarim musiqasida murakkab elektron effektlar mavjudligi sababli biz minusovkadan foydalanishga majburmiz. O‘zingizga ma'lum, bugungi kunda shundoqqina mikrofondan chiqayotgan ovozni tozalab, uni o‘zgartira oladigan dasturlar mavjud. Men tinglovchilarni bunday yo‘l bilan aldamoqchi emasman, o‘z ovozimni boricha ko‘rsatmoqchiman va eng asosiysi, konsertga qancha mehnat sarflanganini namoyish qilib, konsert a'lo darajada o‘tishi uchun 100 foiz kuchimni bag‘ishlamoqchiman”, deb aytmoqda Munisa Rizayeva.

Rossiyalik taniqli xonanda Sergey Lazarev Toshkentga tashrif buyurib, o‘z konserti reklama bannerida fonogramma ishlatilishi haqidagi yozuvni ko‘rganida janjal ko‘targandi.

“Nima uchun sizda minusovka ishlatilsa, albatta, butun konsert fonogrammada ijro etiladi deb yozish kerak? Axir men jonli kuylayman. Nima uchun bannerda buni fonogramma deb yozish shart? Axir ovoz jonliku!”, deb jahl bilan aytgandi xonanda.

Sayyod.com sayti keyinchalik shunday tushunmovchiliklar bo‘lmasligi maqsadida mas'ul idoralar mavjud tartibini ko‘rib chiqib, “Jonli ovoz va fonogrammada ijro etiladigan musiqa” degan yangi yozuvni kiritishlari kerakligini qayd etgan.

Top