17:01 / 30.07.2015
5196

“Yevroset” va “Svyaznoy” tarmoqlari Samsung smartfonlarini sotib olishdan bosh tortdi

Rossiyaning “Yevroset” va “Svyaznoy” tarmoqlari do‘kon tarmoqlari, shuningdek, “Megafon” va “Bilayn”ning chakana savdo tarmoqlari Samsung smartfonlarini sotib olishdan bosh tortdi. Bu haqda 30 iyul kuni “Vedomosti” gazetasi xabar berdi. Riteylerlar yetkazmalarda yaroqsiz mollar miqdorining juda kattaligidan nolimoqda. MTS, o‘z navbatida, ushbu qarorni raqobat bilan bog‘lamoqda. Aytilishicha, Rossiyaning mobil uskunalar sotishga ixtisoslashgan ushbu eng yirik savdo tarmoqlari bir necha oydan buyon Janubiy Koreya gigant korporatsiyasi mahsulotlarini sotib olmay qo‘ygan. “Yevroset” rahbari Aleksandr Malis yoz boshidan buyon Samsung bilan aloqa qilmay qo‘yganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazmalardagi yaroqsiz mollar ulushi 7 foizdan oshib ketmoqda. Malisning ta'kidlashicha, muammoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyaning Moskvadagi ofisi orqali hal qilish harakati muvaffaqiyatsizlikka uchradi, shu bois salonlar tarmog‘i korporatsiyaning Janubiy Koreyadagi markaziga rasmiy e'tiroz yo‘lladi. “Svyaznoy” esa nafaqat smartfonlardan, balki kompaniyaning planshetli kompyuterlaridan ham voz kechdi. Bu haqda tarmoq vakili Mariya Zaikina ma'lumot berdi. U ham qarorni nuqsonli uskunalarning ko‘pligi bilan tushuntirdi. Samsung’ning Rossiyadagi vakili Yana Rojkova bu ayblovlarga qo‘shilmadi. Uning fikricha, Samsung texnikasi yuqori sifatga ega, shu bois xaridorlar uning mahsulotlariga juda kam e'tiroz bildiradi.

Top