19:12 / 30.07.2015
6196

Buxoro viloyati ichki ishlar idoralari xodimlari ko‘pqavatli zamonaviy turar joylarga ko‘chib kirdi

O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligi arafasida Buxoro viloyati ichki ishlar idoralari xodimlaridan bir guruhi 43 oilaga mo‘ljallangan ko‘pqavatli zamonaviy turar joylarga ko‘chib kirdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Mirzayev va boshqalar O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida soha faoliyati takomillashib, uning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib borayotgani, xalqimiz tinchligi va xavfsizligini ta'minlashga kamarbasta bo‘layotgan osoyishtalik posbonlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini ta'kidladi.

Keyingi yillarda Buxoro viloyatida osoyishtalik posbonlarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Viloyat markazidagi ikkita turar joy binosi rekonstruksiya qilinib, soha xodimlari uchun xizmat uylari sifatida berilishi ham ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik ifodasidir. Mazkur obektlarda bosh pudratchi “Buxoro montajstroyservis texnologiya” sho‘'ba korxonasi loyiha-smeta qiymati 2 milliard so‘mlikdan ziyod bo‘lgan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi.

Tadbirda ichki ishlar xodimlariga xizmat uylari kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

"Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e'tibordan, uy-joy sharoitimiz yaxshilanganidan juda xursandmiz. Shu paytga qadar Vobkent tumanidan qatnab ishlardim. Mana endi oilam ham Buxoro shahrida yashaydi. Xizmat uyimizda barcha qulayliklar yaratilgan", – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi 1-alohida militsiya bataloni shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha katta inspektori, serjant Alisher To‘rayev.

Top