13:48 / 30.07.2015
6570

O‘zbekistonda videokameralar orqali yo‘l harakati qoidalari buzilishi holatlarini qayd qilish qonuniylashtiriladi

O‘zbekistonda Ma'muriy javobgarlik kodeksiga avtomatlashtirilgan tizim orqali qayd qilingan yo‘l harakati qoidalarini (YHQ) buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish tartibi va bu tizim orqali olingan ma'lumotlarning ma'muriy ish (og‘ir ahvollarda jinoiy ish) bo‘yicha dalil-isbot sifatida tan olinishini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda Toshkentda “Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish va jamoatchilik tartibini saqlash kompyuter tizimini yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyihaning vazifalaridan biri yo‘l harakati videokuzatuvini olib borish va qoidabuzarliklarni qayd qilishdan iborat.

Ayni paytda ushbu avtomatlashtirilgan tizimning ishi huquqiy tomondan mustahkamlanmagan. Amaldagi qonunchilikda YHQlarini buzgan va ushbu tizim bilan qayd qilingan shaxslarni javobgarlikka tortish tartibi va undan olingan ma'lumotlarning ma'muriy ish (og‘ir ahvollarda jinoiy ish) bo‘yicha dalil-isbot sifatida tan olinishi bo‘yicha huquqiy me'yorlar mavjud emas. Aynan shu munosabat bilan Ma'muriy javobgarlik kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Amalga kiritilayotgan avtomatik tizim YHQ qoidabuzarligining har bir holati bo‘yicha voqea joyi, vaqti va transport vositasining davlat raqamini qayd qiladi, biroq tizimning texnik imkoniyatlari qoidabuzarlikni amalga oshirgan haydovchi shaxsini aniqlash imkonini bermaydi.

Agar muayyan transport vositasiga bir necha shaxslarda uni boshqarish huquqi mavjud bo‘lsa, unda ular tomonidan qoidabuzarlikka aloqadorlikni rad etish holatlari va aybdorni javobgarlikka tortishning imkonsizligi vujudga kelishi mumkin. Bu ayb uchun inkor etib bo‘lmaydigan javobgarlikka tortishni ta'minlash jarayonini qiyinlashtirishi mumkin.

Shuning uchun Ma'muriy javobgarlik kodeksini har bir YHQning buzilishi bo‘yicha videokuzatuv yordamida qayd qilingan har bir holatda transport vositasi egasining javobgarligini belgilovchi 171-modda bilan to‘lg‘azish taklif qilinmoqda. Bunda transport vositasi egasi qoidabuzarlik vaqtida transport vositasini boshqargan haydovchi shaxsi aniqlanganda yoki transport vositasi o‘g‘irlab ketilgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi foydalanishga kiritilayotgan avtomatlashtirilgan tizim ishining qonuniyligi, qoidabuzarlik uchun inkor etib bo‘lmaydigan javobgarlik tamoyiliga rioya qilinishini ta'minlaydi, haydovchilarning javobgarligini oshiradi. Va eng asosiysi yo‘llarda qoidabuzarliklarni oldini olish va yo‘l-transport hodisalari sonining kamayishiga katta ko‘mak bo‘ladi.

Top