21:19 / 30.07.2015
12287

Samarqand avtomobil zavodi Yevro-4 ekologik standartiga mos keluvchi avtobusning ilk tajribaviy namunasini namoyish qildi

ISUZU Motors kompaniyasining prezidenti Susumu Xosoi boshchiligida yapon delegatsiyasi O‘zbekistonga safari doirasida Samarqand avtomobil zavodiga tashrif buyurdi. Bu yerda yapon delegatsiyasiga siqilgan tabiiy gazda (CNG) ishlovchi dvigatelga ega ilk avtobus namoyish qilindi.

CNG dvigetalli avtomobillarning ekologik tomondan xavfsizligi va iqtisodiy nafini hisobga olgan holda bu mahsulotga yuqori talab bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ushbu tendensiyani hisobga olib, Samarqand avtomobil zavodida ISUZU Motors ko‘magida CNG dvigatelli yo‘lovchi avtobuslarini ishlab chiqish parurati haqida qaror qabul qilingan edi. Bugungi kunda dizel dvigatelda ishlovchi avtobuslarning aksariyati gaz yoqilg‘isi yoki gaz-dizelda ishlovchi avtobuslarga qayta jihozlangan. Biroq chetki tashkilotlar tomonidan qayta jihozlangan bu avtomobillarga “SamAvto” MChJ dilerlik markazlari tomonidan kafolatli xizmat ko‘rsatilmaydi.

Yapon delegatsiyasiga namoyish qilingan tajribaviy namuna mehmonlarning olqishlari bilan qarshilandi va ISUZU Motors va Itochu Corporation vakillari tomonidan ijobiy baholandi. CNG dvigatelli bu avtobuslar Yevro-4 ekologik standartiga mos kelishi bilan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan yo‘lovchi transportiga yangi sifat darajasiga ko‘tarilish imkonini beradi.

“SamAvto” MChJ va ISUZU Motors hamkorligining samaradorligini nafaqat yangilangan avtobus va yuk avtomobillari parki, balki Samarqand avtomobil zavodining yildan yilga oshib borayotgan ishlab chiqarish hajmi hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotga barqaror talabning mavjudligi ham isbotlaydi. Bunday yutuqlarga erishishga joriy yilning fevralida 20 mingchi yubiley avtomobilining ishlab chiqarilishi misol bo‘la oladi.

Samarqand avtomobil zavodi (“SamAvto” MChJ) avtobus, yuk va maxsus mashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zavod bo‘lib, o‘zining faoliyatini 1999 yilning martidan boshlagan. 2006 yilda “SamKochavto” qo‘shma korxonasi “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ sifatida qayta tashkillashtirilgan hamda Yaponiyaning ISUZU Motors Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikni boshlagan. 2007 yilning yanvaridan zavodning ishlab chiqarish quvvatlarida ISUZU shassisi negizida tijoriy avtomobillar ishlab chiqarila boshlangan.

Top