07:34 / 30.07.2015
3336

SZ: bundestag Merkelga AQSh maxsus xizmatini himoya qilayotgani uchun sudga berish bilan tahdid qilmoqda

Germaniya bundestagining nemis razvedkasi harakatlari va vakolatlarini nazorat qiluvchi qo‘mitasi Germaniya hukumati ustidan sudga da'vo arizasi bermoqchi. Da'vo arizasi AQSh Milliy xavfsizlik agentligining nemis rahbarlari ortidan olib borgan kuzatuvi atrofidagi mojaro bilan bog‘langan, deb yozmoqda Sueddeutsche Zeitung nashri.

Deputatlarning aytishicha, Germaniya hukumati MXA buyurtmasi bilan nemis razvedkasi vakillari kuzatuv olib borgan obektlarning ro‘yxatini parlament qo‘mitasiga taqdim qilishdan bosh tortmoqda. Nashrning izohlashicha, kuzatuv MXA so‘rovi bo‘yicha parlament komissiyasining ruxsatisiz olib borilgan bo‘lsa, bu Germaniyaning maxsus xizmatlar haqidagi qonunining buzilishidan darak beradi.

Shuningdek, mojaro tufayli Germaniya federal razvedka xizmati vakolatlari jiddiy ravishda qisqartirilishi mumkin.

Avval OAVlarda ma'lum qilinganidek, AQSh Germaniyaning uch nafar kansleri – Gelmut Kol, Gerxard Shryoder va Angela Merkel va federal hukumatning bir qator a'zolari ortidan 1990 yildan boshlab kuzatuv olib borgan. Josuslik ma'lumot qidirish uchun bir necha o‘n minglab mezonlar – IP-adreslar, telefon raqamlari, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar, pochta domenlari ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha amalga oshirilgan. Bu ro‘yxat maxsus xizmatlar ishini boshqaruvchi Angela Merkel idorasi ixtiyorida qolmoqda.

Top