22:24 / 31.07.2015
4872

Korea Telecom Toshkent shahridagi Inha universitetiga beg‘araz asosda 700 ta kitob taqdim qildi

2014 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘z faoliyatining birinchi kunlaridan boshlab ko‘plab yetakchi kompaniyalar bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Bunga quyidagi misollarni keltirib o‘tish mumkin: Samsung kompaniyasi universitet foyesini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozladi, Microsoft kompaniyasi talabalarga turli dasturlardan bepul foydalanish imkoniyatini berdi, LG kompaniyasi esa universitetni oxirgi avlod LCD televizorlari bilan ta'minladi.

Bu an'anani davom ettirib, Korea Telecom kompaniya beg‘araz asosda universitetga 700 ta kitob taqdim qildi.

Bu kitoblar axborot texnologiyalarining turli sohalari bo‘yicha darsliklar va o‘quv adabiyotlari bo‘lib, ular universitetdagi ta'lim jarayonida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

KT Global Business Promotion kompaniyasining vitse-prezidenti Kim Yun Jye sovg‘a qilingan kitoblar yordamida talabalarning bilim darajalari yanada oshishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida universitet Korea Telecom kompaniyasiga beg‘araz yordami uchun o‘z minnatdorchiligini izhor qildi.

Top