09:13 / 01.08.2015
3970

AQShda Oq uy panjarasidan oshib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi

31 iyulda AQSh prezidentining Vashingtondagi rasmiy qarorgohi – Oq uyda kechki payt trevoga e'lon qilindi. Bunga noma'lum ayolning Oq uy panjarasidan oshib tushishga harakati sabab bo‘lgan.

Ayol avval Oq uy perimetri bo‘yicha o‘rnatilgan qo‘shimcha to‘siqdan oshib o‘tgan, so‘ngra uch metrli panjara yoniga kelib, unga qo‘llari bilan tirmashib olgan. Shundan keyin ayol navbatchilik qilayotgan maxsus xizmat xodimlari tomonidan tezda qo‘lga olingan.

Hozirda AQSh maxsus xizmati xodimlari Oq uy panjaralari ustiga o‘tkir tig‘larni o‘rnatmoqdalar.

Oxirgi vaqtlarda Oq uy panjarasidan ko‘plab oshib o‘tishga urinishlar qayd qilinmoqda. Asosan bunday ishga ruhiyatida muammolar mavjud bo‘lgan odamlar qo‘l urishmoqda.

Bunday holatlardan eng shov-shuvlisi 2014 yilning sentabrida yuz bergan. 43 yoshli urush faxriysi Umar Gonsales Oq uy panjarasidan oshib o‘tib, binoga kirish eshiklari yonigacha yetib borib, uning ichiga kirib borgan. Faqatgina shu yerdagina o‘z ishida katta xatoga yo‘l qo‘ygan qo‘riqlash xizmati uni to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘lgan. OAVlarning ma'lumotlariga ko‘ra, bu holat AQSh prezidentining jiddiy e'tiroziga sabab bo‘lgan.

Bu mojarodan keyin Oq uy himoyasi perimetri bo‘yicha qo‘shimcha to‘siq o‘rnatish bilan yanada kuchaytirilgan edi.

Top